Iqtisodiyot | 19:19 / 20.09.2021
12979
2 daqiqa o‘qiladi

Yil boshidan beri benzin ishlab chiqarish va import hajmi ortishiga qaramay narxlar 26,9 foizga qimmatlashgan

O‘tgan 8 oy davomida benzin ishlab chiqarish 5,1 foizga, joriy yilning 7 oyida davomida esa import hajmi 4 barobarga oshgan. Shu bilan birga mahsulot narxi 26,9 foizga oshgan.

Foto: Global Look Press

Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, respublikada jami 729,4 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan.

Avtomobil benzini ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 5,1 foizga oshgan.

Eng ko‘p mahsulot mart oyida ishlab chiqarilgan – 106 ming tonna, eng kami esa iyulga to‘g‘ri keladi, 85,7 ming tonna.

Statistika joriy yilning 7 oyida 74,6 mln litr avtomobil benzini import qilinganini ko‘rsatadi. Import 4 barobarga oshgan.

Ayni shu davrda mamlakatda benzin ishlab chiqarish 632,2 ming tonnaga teng.

Joriy yilning 7 oyida O‘zbekistonga benzin sotayotgan davlatlar kuchli uchligini Rossiya (136,5 mln litr), Turkmaniston (116,3 mln litr ) va Qozog‘iston (15,6 mln litr) band qilib turibdi.

Ichki ishlab chiqarishga qaraydigan bo‘lsak, avtomobil benzini ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan respublika miqyosida ishlab chiqarilgan avtomobil benzinining jami hajmida eng yuqori ulushlar Buxoro viloyati 78,8 foiz, Farg‘ona viloyati 21,1 foiz hamda 0,1 foiz bilan Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Statistik ma'lumotlar shuni ko‘rsatadiki, joriy yil davomida benzin ishlab chiqarish hajmi ichki bozorda ham ortgan, import qilingan mahsulot hajmi ham keskin ko‘paygan. Shunday bo‘lishiga qaramay ushbu mahsulotning narxi oshishda davom etmoqda. Birgina avgust oyida benzin narxi 4,3 foizga qimmatlashgan. Sentabr oyining boshidan buyon Toshkentdagi aksariyat yonilg‘i quyish shoxobchalarida import qilingan benzin narxi ko‘tarilgan. AI-95 markali mahsulot narxi 300-400 so‘mga oshgani aytilmoqda.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, yil boshidan beri benzin narxi 26,9 foizga, propan narxi esa 19,1 foizga qimmatlashgan.

Mavzuga oid