14:53 / 29.09.2021
4003
Karantin davrida davlat budjetidan deputatlarning 46ta xizmat kvartirasi 1,2 mlrd so‘mga ta'mirlangani ma'lum bo‘ldi

2020 yil davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining xizmat kvartiralarini ta'mirlash uchun 1,2 mlrd so‘m sarflangan, deb yozmoqda Anhor.uz nashri.

Qayd etilishicha, ayni maqsad uchun 2020 yilning 27 aprelida tuzilgan ilk shartnoma bo‘yicha ta'mirlash ishlari 696 mln so‘mga baholangan. 28 apreldagi ikkinchi shartnoma bo‘yicha bajariladigan ishlar miqdori 550 mln so‘m qilib ko‘rsatilgan.

Birinchi shartnomaga muvofiq Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi 4ta, Mirobod tumanida joylashgan 21ta kvartira ta'mirlangan. Hujjatlarda ta'mirlash ishlari 2020 yilning 15 mayida yakuniga yetgani qayd etilgan. Kvartiralar “Sarvar Komila sifat qurilish” MChJ tomonidan ta'mirlangan. Yuridik shaxslar reyestridagi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu kompaniyaning asosiy faoliyat turi – boshqa pardoz ishlari. Ustav jamg‘armasi – 463 million so‘m, muassis – Karimov Bekzod Telmanovich (100 foiz).

Ikkinchi shartnomada ta'mirlanishi kerak bo‘lgan kvartiralar soni ko‘rsatilmagan. Biroq ushbu xizmat xonadonlari Toshkent shahrining Shayxontohur, Olmazor, Yunusobod, Uchtepa, Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida joylashgani qayd etilgan. Shartnomada olinishi ko‘zda tutilgan vanna va boshqa jihozlar sonidan ta'mirlanishi lozim bo‘lgan kvartiralar 21ta bo‘lganini taxmin qilish mumkin. 2020 yilning 20 mayida tugallanishi belgilangan ta'mirlash ishlari bilan “Buyuk quruvchi” MChJ shug‘ullangan. Ushbu korxona Toshkent viloyatida ro‘yxatga olingan bo‘lib, asosiy faoliyat turi – turar joylar qurilishi hisoblanadi. Rasulbekov Ravshan Shuhratbekovich tomonidan ta'sis etilgan jamiyatning ustav jamg‘armasi 6 million so‘mni tashkil etadi.

Hujjatlarga ko‘ra, deputatlarga vakolat muddati davomida foydalanish uchun berilgan ushbu kvartiralarda shiftlar va devorlarni bo‘yash, metall eshiklar, eshik va deraza bloklarini o‘rnatish, pollarni linoleum bilan, devorlarni keramik plita bilan qoplash, santexnika va elektr montaj ishlari va hokazolar amalga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan vaqt – 2020 yilning aprel-may oylarida O‘zbekistonda kuchaytirilgan karantin rejimi joriy etilgan, deyarli barcha davlat idoralari, jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ham bu paytda onlayn rejimda faoliyat yuritayotgan edi.

Top