16:04 / 05.10.2021
10337

Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e'lon qilindi

4 oktyabrdan joriy yil uchun Nobel mukofoti sovrindorlarini e'lon qilish haftaligi boshlandi.

Foto: AP

Jorjio Parizi, Klaus Hasselman va Syukuro Manabe fizika bo‘yicha 2021 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari deb e'lon qilindi.

Manabe va Hasselman "Yer iqlimini fizik modellashtirish" uchun mukofotning bir qismini oladi.

Parizi "fizik tizimlardagi tartibsizliklarda mavjud yashirin qonuniyatlarni ochgani" uchun mukofotning ikkinchi qismini qo‘lga kiritadi. 

Sovrindorlar 10 mln shved kronasi (1,14 mln dollardan ortiqroq) miqdoridagi mukofotni bo‘lishib oladi.

Manabe 1931 yilda Yaponiyada tug‘ilgan, hozirda AQShdagi Prinston universitetida ishlaydi.

Hasselman 1931 yilda Hamburgda tug‘ilgan, hozirda Hamburgdagi Maks Plank nomidagi meteorologiya instituti professori hisoblanadi. 

Parizi 1948 yilda Rimda tug‘ilgan, Rimdagi La Sapiyensa universiteti professori.  

4 oktyabrdan joriy yil uchun Nobel mukofoti sovrindorlarini e'lon qilish haftaligi boshlandi. Uning doirasida Shvetsiya qirollik fanlar akademiyasi tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha 2021 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlarini e'lon qildi. Ushbu yo‘nalishda nufuzli mukofot Kaliforniya universiteti professori Devid Julius va AQShdagi Skrips ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Ardem Pataputyanga topshirildi.   

Ikkala olim ham amerikalik bo‘lib, ular Nobel mukofotini organizmda harorat va tegishlarga javob beruvchi retseptorlarni ochgani uchun olishdi. Ya'ni olimlar odamning sezgilari asosida nima yotishi va ularning mexanizmini o‘rganib chiqishgan.

Joriy haftada Nobel qo‘mitasi yana 4 yo‘nalish bo‘yicha sovrindorlarni e'lon qiladi. Jumladan, 6 oktyabrda kimyo, 7 oktyabrda adabiyot, 11 oktyabrda esa iqtisodiyot bo‘yicha Nobel sovrindorlari ma'lum qilinadi. 

8 oktyabrda esa Norvegiya poytaxti Osloda tinchlik bo‘yicha Nobel sovrindori e'lon qilinadi. Unga 329 nomzod da'vogarlik qilmoqda.

Mavzuga oid
Top