Prezidentlardan bolaparvar o‘smirgacha

Tinchlik uchun Nobel mukofoti birinchi marta 1901 yilda berilgan. Uning laureatlari Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi asoschisi, shveysariyalik tadbirkor va jamoat arbobi Anri Dyunan hamda «Tinchlik va erkinlik ligasi» patsifistik tashkiloti asoschisi, fransuz siyosatchisi Frederik Passi bo‘lgan. 

O‘tgan 122 yil davomida Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga 111 nafar shaxs sazovor bo‘lgan. Ularning 19 nafari ayollar.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti birinchi va ikkinchi jahon urushi yillarida, shuningdek, boshqa yillarda turli sabablar tufayli 19 marta topshirilmagan.

Mukofotga eng ko‘p – 21 marta AQSh, 10 marta Buyuk Britaniya hamda 9 marta Fransiya fuqarolari loyiq ko‘rilgan. Uni eng kichik yoshda (17 yoshda) qo‘lga kiritgan laureat pokistonlik Malala Yusufzay hisoblanadi. U bolalar va yoshlarning zulmiga qarshi kurashgani uchun mukofotga munosib topilgan.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritganlar orasida prezidentlar ham bor. Jumladan, 1906 yilda mukofot Yaponiya va Rossiya o‘rtasida boshlangan urushni tugatishdagi roli uchun o‘sha payti AQSh prezidenti bo‘lgan Teodor Ruzveltga topshirilgan. 1990 yilda esa Sharq va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarning tub o‘zgarishidagi roli uchun mukofotga SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov loyiq ko‘rilgan. Bundan tashqari, 2009 yil o‘sha vaqtdagi AQSh prezidenti Barak Obama ham Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. Unga mukofot xalqaro diplomatiya va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari uchun berilgan.

Nobel mukofoti laureati boshlagan urush

2019 yilda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti «tinchlik va xalqaro hamkorlikka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlari, xususan, Eritreya bilan chegaradagi nizoni bartaraf qilishda ko‘rsatgan qat’iy tashabbusi» uchun Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Aliga topshirilgan. Ammo 2020 yilning noyabr oyida aynan u boshlagan urush – Efiopiya federal qo‘shinlarining Tigray xalq ozodlik fronti kuchlariga hujum qilishi oqibatida yuzlab kishilar halok bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda mahalliy tigray xalqining 500 ga yaqin harbiylari to‘qnashuv qurbonlariga aylangan hamda Efiopiya armiyasi ham yuzlab askarlaridan ayrilgan.