19:29 / 06.10.2021
2959
MSK kotibi Xudoyor Mamatov - xorijdagi saylov uchastkalari, tenglik prinsipi va nomzodlar o‘rtasidagi debatlar haqida

5 oktabr kuni Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida Markaziy saylov komissiyasining saylov uchastkalarida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish jarayonlari yuzasidan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir yakunida markaziy saylov komissiyasi kotibi Xudoyor Mamatov Kun.uz muxbirining savollariga javob berdi.

— Xorijda bo‘lib turgan fuqarolarning saylovda ishtirok etish tartibi qanday bo‘ladi? Joriy saylovlarda ularga qanday qulayliklar yaratildi?

— Albatta, biz bu norma bo‘yicha ko‘plab xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rganib chiqqanmiz. Oxirgi yillardagi islohotlar tufayli o‘zbekistonliklar uchun xorijda turib ham ovoz berish imkoniyati yaratildi. Bu kabi imkoniyatni esa hattoki rivojlangan demokratik davlatlarda ham uchratmaysiz.

Xorijda fuqarolariga ovoz berish imkoniyatini yaratgan davlatlar ham faqat elchixona va konsullik binolarida saylov uchastkasi tashkil etadi. 2019 yilgacha bizda ham shunday tartib edi. 2019 yildagi parlament saylovlaridan boshlab esa biz ilg‘or tajribalarni qo‘llay boshladik. Unga ko‘ra, xorijiy davlatlardagi o‘zbekistonliklar gavjum yashaydigan hududlarda ham ko‘chma saylov qutilari tashkil etiladi. Bunda saylovchiga bir talab borki, u saylovda ishtirok etish tashabbusi bilan saylov uchastkalariga so‘rov, tashabbus bilan chiqishi kerak.

— Hozir prezidentlikka nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvlar uchun hududlarga chiqyapti. Ularning hududlarga chiqishda transport vositasidan foydalanishi bo‘yicha tenglik nazorat qilinadimi?

— Markaziy saylov komissiyasi nomzodlarning qaysi transport vositasida yurishini nazorat qilish vakolatiga ega emas. Markaziy saylov komissiyasi faqatgina davlat OAVlarida tashviqotni olib borish uchun teng imkoniyatlar yaratilishini monitoring qiladi.

Bu jarayonda barcha partiyalarga tenglik prinsipi asosida imkoniyat yaratadi, lekin partiyalar ulardan o‘z imkoniyati darajasida foydalanadi.

Umumiy qonunlar ustidan nazorat esa O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasining vazifasi hisoblanadi.

— «Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning saylovoldi targ‘iboti uchun tayyorlangan ilk banneri yechtirib olingani va boshqasiga almashtirilgani bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda bir qator fikrlar bildirdi. Bu borada Markaziy saylov komissiyasi biror surishtiruv o‘tkazdimi?

— Agar biror siyosiy partiya yoki nomzoddan MSKga norozilik murojaati bo‘lsa, biz uni o‘rganib chiqamiz. Lekin shu paytga qadar biror partiyadan yoki nomzoddan ularning targ‘ibotiga to‘sqinlik, qarshilik bo‘lgani haqida murojaat kelib tushmadi.

Biz kuzatyapmiz, hammaga teng imkoniyat yaratilgan.

— Saylovga 19 kun qoldi (intervyu 5 oktabr kuni yozib olingan – tahr). Saylovdan avval nomzodlar o‘rtasida debatlar yoki OAV uchun umumiy matbuot anjumanlari rejalashtirilganmi?

— Bu masala nafaqat OAV, balki saylovchilar uchun ham qiziq. Bu masalani siyosiy partiyalar o‘ylashi kerak. Savolga ham ular javob bersa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Biz ularga ko‘rsatma berolmaymiz.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top