19:14 / 08.10.2021
1871
Kattaqo‘rg‘onda yuz bergan gaz portlashi haqida qo‘shimcha ma'lumot berildi. Qozog‘istonlik mehmon 50 foizga kuygan
Foto: zarnews.uz

Kattaqo‘rg‘on shahrida yuz bergan gaz portlashi haqida qo‘shimcha ma'lumot berildi. Qozog‘istonlik mehmon 50 foizga kuygan. Bu haqda Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun, 8 oktyabr kuni soat 4:50 larda Kattaqo‘rg‘on shahar Favqulodda viziyatlar bo‘limiga shaharning Ko‘xnadam mahallasi, Toshkent ko‘chasida joylashgan uylarning birida gaz portlagani haqida xabar kelib tushgan.

Xabarga asoslanib 4:45 da 2 ta yong‘in-qutqaruv guruhi hodisa joyiga yetib borgan. Gaz portlashi oqibatida ushbu xonadonga Qozog‘istondan mehmon bo‘lib kelgan 1982 yilda tug‘ilgan A.A (erkak kishi) kuyish tan jarohati olib, Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga yuborilgan.

Shifokorlar tomonidan A.A.ga yuz, bo‘yin, ko‘krak oldi, ikkala qo‘l sohasi termik kuyish tashxisi qo‘yilgan. Uning tanasi 50 foizga kuyib ketgani ma'lum qilingan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, mazkur xonadonda gaz bo‘lmagan. Xonadonga yaqin joyda yer ostidan avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalariga o‘tgan tabiiy gaz quvuridan sizib chiqqan gaz uyga to‘plangan va portlagan.

Qayd etilishicha, hodisa joyiga FVB, IIB, SSB va boshqa tegishli idoralarning kuch hamda vositalari jalb qilinib, vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top