21:03 / 16.10.2021
3316
“O‘zbekgidroenergo” AJ: Xalqaro kredit reyting darajasi ko‘tarildi

“O‘zbekgidroenergo” AJ jahonda yetakchi “uchlik” reyting agentliklaridan biri hisoblangan Fitch Ratings xalqaro reyting agentligining “BB-” barqaror xalqaro kredit reytingini qo‘lga kiritdi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Jamiyat Fitch Ratings xalqaro reyting agentligida o‘z reytingini yangiladi. Ya'ni 2020 yilda Jamiyat reytingi B+ (barqaror) bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilda Jamiyat reytingi BB- (barqaror) darajasiga ko‘tarildi. Shunisi ma'lumki, mazkur yilda berilgan reyting o‘tgan moliya yilining natijalari, ya'ni 2020 yilning natijalari sarhisobiga berilgan baho hisoblanadi.

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi “O‘zbekgidroenergo” AJning nafaqat moliyaviy-iqtisodiy holatini o‘rgandi, balki uning korporativ boshqaruv tizimini, biznes strategiyasini, ichki normativ hujjatlarining yuritilishi va boshqa yo‘nalishlarni chuqur o‘rganib, tahlil qildi. Jamiyatda faoliyat yuritayotgan minglab ishchi-xodimlarning mehnati samarasi va reyting agentligi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar, chuqur tahlillar hamda korxonalar faoliyatining odil baholanishi natijasida “O‘zbekgidroenergo” AJ respublikada ishlab chiqaruvchi korxonalar orasida birinchilardan bo‘lib Fitch Ratings xalqaro kredit reytingining “BB-” darajasini qo‘lga kiritdi.

Buning natijasida 2020 yilda rejada belgilangan 6 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi va o‘tgan yillarda boshlangan rejadagi yana 3 ta loyihaning 2 tasi, 2021 yilda ishga tushirilgan bo‘lsa, 1 tasi yil yakuniga qadar ishga tushiriladi. Natijada yiliga qo‘shimcha ravishda 774,3 mln kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoni yaratiladi. Jamiyat tomonidan joriy yilda qurilish ishlari boshlangan, umumiy quvvati 187 MVt bo‘lgan 7 ta loyiha 2022 yilda ishga tushiriladi.

Davlatimiz rahbarining “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6096-son qaroriga muvofiq jamiyatning tranformatsiya dasturi ishlab chiqildi hamda yangicha korporativ madaniyat amalda joriy etildi.

Shu bilan birga dunyoning ilg‘or konsalting kompaniyalari jalb qilindi. Jumladan, moliya sohasiga Pricewaterhousecoopers raqamli transformatsiya bo‘yicha Rossiyaning X-Holdings, korporativ boshqaruv va investitsiya dasturini qayta ko‘rib chiqish uchun McKinsey & Company korxonalari bilan hamkorlik o‘rnatilib, Jamiyatni rivojlantirish bo‘yicha zaruriy maslahat va tavsiyalar olindi.

Shuningdek, respublikamizning suv resurslaridan oqilona foydalanish va yangi istiqbolli loyihalarni aniqlash hamda amalga oshirilayotgan loyihalarning xavfsizligini oshirish maqsadida, Osiyo taraqqiyot bankining grant mablag‘lari hisobiga Germaniyaning Tractable Engineering kompaniyasi jalb qilindi. Natijada gidroenergetika tarmog‘ining 2030 yilgacha rivojlanish dasturi ishlab chiqildi.

Shu o‘rinda, Jamiyat tomonidan xalqaro kredit reytingining bir pog‘ona o‘sishi, xalqaro kredit reytingi, ya'ni “BB-“ barqaror darajasining “B+”barqaror darajasidan farqi Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining arzonlashishiga, shu bilan birga, moliyaviy institutlardan jalb etilayotgan kredit foizlarining kamayishiga sabab bo‘ladi.

Mazkur reyting darajasi, “O‘zbekgidroenergo” AJni jahonning mashhur investorlar bozorlariga aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy hisobotlariga va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega birinchi o‘zbek ishlab chiqaruvchi korxonasi sifatida tanitadi.

Qo‘lga kiritilgan mazkur yutuq, kelgusida “O‘zbekgidroenergo” AJning iqtisodiy barqarorligini yanada oshirishga xizmat qiladi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy kreditlarni davlat kafolatisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya mablag‘larini jalb qilish imkoniyatini beradi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ ushbu yutuq bilan chegaralanib qolmaydi, kelgusi yillarda reyting darajasini yanada oshirish hamda uni barqaror saqlab qolish yo‘lida izchil va jadal faoliyatni davom ettiradi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top