5 oktabr kuni Farhod GESning modernizatsiyadan so‘ng, yangilangan energetik quvvatda ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Bekzod Amirsaidov tabrik nutqi bilan ochib berdi. Marosimda Sirdaryo viloyati, Shirin shahar, Bekobod shahar hokimliklari rahbariyati, Jamiyat tizim korxona va tashkilotlari vakillari, hamkor xorijiy kompaniyalar mas’ullari, gidroenergetik muhandislar hamda markaziy va hududiy telekanallar, bosma va elektron OAV vakillari ishtirok etdi.

Unda “Farhod GES” unitar korxonasining qo‘shimcha daromadlari hisobidan ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ushbu oilalarning bolalariga quvonch ulashish maqsadida, korxona ishchi-xodimlarining hamda GESga yaqin joylashgan mahallalarda istiqomat qiluvchi oilalarning 11 nafar farzandlariga sunnat to‘yi marosimi o‘tkazib berildi. Bolajonlarga korxona tomonidan velosiped hamda televizorlar esdalik sovg‘alari sifatida taqdim etildi.

Ma’lumot uchun: Davlat mudofaa qo‘mitasining 1942 yil 18 noyabrdagi qarori bilan Sirdaryo daryosida 1943 yil 10 fevralida Farhod gidroelektr stansiyasi qurilishi boshlangan edi. Ushbu kun GES qurilishining ommaviy boshlanishi sanasi hisoblanadi. Mazkur GES ommaviy hashar yo‘li bilan qurilgan bo‘lib, hasharga Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Buxoro, Andijon va Toshkent viloyatlaridan jami 60 mingdan ortiq kishi jalb etildi.

GES qurilishining birinchi bosqichi natijasi o‘laroq, 1948 yil 15 fevralda GESning 3- va 4-agregatlari ishga tushirildi, Toshkent va Chirchiq shaharlariga ikki liniya bo‘ylab 110 kV sanoat toki uzatildi.

Ikkinchi bosqich yakunida 1949 yil 5 aprelda 1-agregat va shu yilning 30 iyunida 2-agregat ham ishga tushirildi.

1951 yil 3 iyul kuni GES to‘liq ekspluatatsiya uchun qabul qilindi.

Ushbu GESning ishga tushirilishi bilan, mamlakatning elektr, kimyo, metallurgiya, ko‘mir va sanoatning boshqa sohalarini rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratildi.

Bu yutuqning yana bir muhim ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur ulkan ishning asosiy qismi Mirzacho‘lning qattiq iqlim sharoitida va Ikkinchi jahon urushining og‘ir yillarida bajarildi.