20:43 / 18.10.2021
4389
Innovatsiya vazirligi yetkazib bergan 664 ming dollarlik ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari ishlatilmayotgani aniqlandi

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta'lim muassasalariga yetkazib berilgan jami 664 ming dollarlik laboratoriya jihozlari ishlatilmayotgani va qarovsiz ahvolda ekani aniqlandi.

Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma'lum qildi.

Brifingda aytilishicha, 2021 yilning o‘tgan 9 oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 30,0 mlrd so‘mlik 56 ta startap loyihalari moliyalashtirilgan. 37 nafar yosh olimlar AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Belarus, Latviya va Turkiya kabi davlatlarga ilmiy malaka va tajriba oshirish uchun o‘qishga yuborilgan.

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan 31 turdagi laboratoriya asbob-uskunalari xaridi bo‘yicha 19,4 mlrd so‘m moliyalashtirilgan va xarid qilingan ilmiy laboratoriya asbob-uskunalarida ishlash metodikasini o‘zlashtirish maqsadida 20 nafar ilmiy xodimlar yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga stajirovkaga yuborilgan.

“O‘tgan davr mobaynida vazirlik tomonidan yetkazib berilgan ilmiy laboratoriya asbob-uskunalaridan foydalanish natijadorligini aniqlash maqsadida joriy yilning iyul oyida tanlanma usulida ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarida o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Ion-plazma va lazer texnologiyalar, Immunologiya va inson genomikasi, Materialshunoslik, Yadro fizikasi va Astronomiya institutlariga yetkazib berilgan ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari to‘liq ishchi holatda ishlab turgani va ulardan foydalanish orqali yuqori natijalarga erishilgani ma'lum bo‘ldi”, – dedi Nazokat Abduqunduzova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yetkazib berilgan uskunalardan maqsadli foydalanmayotgan muassasalar ham aniqlangan:

— 92 ming AQSh dollariga xarid qilinib, Polimerlar kimyosi va fizikasi institutiga yetkazib berilgan “AR403” rusumli universal yuritkichli ko‘p maqsadli ilmiy laboratoriya asbob-uskunasi ishlatilmayotgani ma'lum bo‘lgan. Shuningdek, ushbu uskuna elektr energiyasiga qo‘lbola usulida ulangan va joylashgan xonasida elektr chiroqlari o‘rnatilmagan, shu bilan birga, kutilmaganda elektr uzilishlari va kuchlanishidan himoyalanmagan.

— Umumiy va noorganik kimyo institutiga yetkazib berilgan qiymati 458,8 ming AQSh dollariga teng 7 turdagi ilmiy laboratoriya asbob-uskunalar institut binosida ta'mirlash ishlari olib borilayotgani sababli joriy yilning mart oyidan buyon ishga tushirilmagan. Mazkur ilmiy laboratoriya asbob-uskunalarini yetkazib berishgacha bo‘lgan davrda ta'mirlash ishlarini tugatish choralari ko‘rilmagan.

— Xorazm Ma'mun akademiyasiga yetkazib berilgan qiymati 24 ming AQSh dollariga teng “SETARAM” rusumli ko‘p tarmoqli o‘ta sezgir differensial skanerlovchi kalorimetr ilmiy laboratoriya asbob-uskunasi may oyidan buyon ishga tushirilmagan va hozirgi kunda muassasa omborxonasida saqlanayotgani aniqlangan.

— Bioorganik kimyo institutiga yetkazib berilgan 89,4 ming AQSh dollariga xarid qilingan “ECLIPSE Ti2-U” rusumidagi invertorli fluoresan mikroskopi ham joriy yilning iyun oyidan buyon ishga tushirilmagan.

Top