O‘zbekiston | 14:06 / 18.06.2023
43151
8 daqiqa o‘qiladi

Bakteriologik laboratoriya va kimyoviy poligon. Oroldagi arvoh-shahar - Kantubek yoxud Orol-7

Sovuq urushdagi raqobat sabab SSSRda o‘nlab maxfiy-harbiy shaharlar barpo etilgan. Ularda turli turdagi qurollar ishlab chiqilgan, tayyorlangan va sinovdan o‘tkazilgan. Biroq SSSR qulashi bilan bu shaharlarning aksariyati hech kimga kerak bo‘lmay qoldi va tashlandiq maskanga aylandi. Shunday shaharlardan biri O‘zbekiston hududida joylashgan Kantubek yoki Orol-7 shahri.

Foto: Wikipedia

Qulay geografik joylashuv

Orol-7 yoki Kantubek shahri, o‘sha paytlarda suvga to‘la bo‘lgan Orol dengizidagi orollardan biri — Uyg‘onish orolida qurilgan. Bu yer maxfiy shahar qurish uchun ideal joy edi: aholi yashash manzillaridan uzoqda, suv bilan o‘ralgan, himoya qilish uchun qulay.

Orolda biokimyoviy poligon qurish rejasi 1930-yillardayoq bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi bu jarayonni tezlashtirgan. Sovetlar Germaniya qo‘liga tushishidan asrash maqsadida Tver oblasti Seliger ko‘lidagi Gorodoml orolida joylashgan biologik laboratoriyani avval Kirovga, so‘ng Saratov va nihoyat Uyg‘onish oroliga evakuatsiya qilgan.

Kantubek shahri aerodromi
Foto: Wikipedia

Shoshilinch ko‘chirish sabab orol hali insonlari yashashi uchun to‘liq tayyor bo‘lmagan. 1954 yildan orolda aholi (muddatli harbiy xizmatchilar, harbiylar, xodimlar va ularning oila a’zolari) istiqomat qilishi uchun binolar qurila boshlangan.

Keyinroq yopiq Orol-7 shahri sodir bo‘layotgan voqealarni nazorat qilish uchun Orol-5 («Ural») harbiy shahri ham qurilgan. Bu shaharga harbiy polk joylashtirilgan va orol himoyasi bilan shug‘ullangan.

O‘sha paytda hech kim 50-60 yildan keyin katta Orol dengiz qurishi va Uyg‘onish oroli quruqlik bilan birlashishini tasavvur ham qilmasdi.

Shuni aytib o‘tish kerakki, shahar O‘zbekiston hududida joylashganiga qaramay, uning faoliyati Qozog‘iston tomonidan nazorat qilingan.

Foto: Wikipedia

Maxfiy shahar va undagi tajribalar

Kantubekdagi, nafaqat, biokimyoviy laboratoriya, balki aerodrom ham juda kamyob inshootlardan edi. Bu aerodrom to‘rtta uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘lgan SSSRdagi yagona aerodrom hisoblangan. U «shamol atirguli» (shamol yo‘llarini tavsiflovchi vektorli diagramma) uslubida qurilgan bo‘lib, bu kuchli shamol sharoitida (orolda doim kuchli shamollar kuzatilgan) har qanday turdagi samolyotlarni qabul qilish uchun zarur edi. Qo‘nish yo‘llari shamol yo‘nalishiga mos ravishda qurilgan va har qanday samolyot har doim o‘ziga qulay qo‘nish yo‘lagini tanlash imkoniga ega bo‘lgan.

Biologik-bakteriologik laboratoriya korpusi shahardan 3 kilometr janubda bo‘lgan. Bu yerga kimyoviy poligonda kuydirgi, bubo vabosi, brutsellyoz (qora oqsoq), tulyameriya va boshqa o‘ta xavfli infeksiyalar batsillalari bilan kasallantirilgan turli hayvonlar olib kelingan.

Foto: Wikipedia

«Barxan» deb nomlangan poligon ham orol janubida joylashgan. Poligondagi tajribalarda mamlakatning turli burchaklari va xorijdan keltirilgan hayvonlar, jumladan it, kalamush, ot, eshak va boshqa jonzotlardan foydalanilgan. Biroq bakteriologik sinovlar eng ko‘p maymunlarda olib borilgan. Sovet biologlari maymunlarda asosan o‘pkaga ta’sir qiluvchi viruslar tajribalarini o‘tkazgan, chunki maymun va inson nafas olish tizimi juda o‘xshash. Ular bu orqali kasallik viruslari insonga qanday ta’sir qilishini o‘rgangan.

Maymunlarning katta qismi Afrikadan olib kelingan.

Virusni tarqatish ancha oddiy usulda amalga oshirilgan: hayvonlar qafaslarga solinib, poligonga qo‘yilgan va samolyotlar ularning ustidan kasallik viruslarini sepgan. Keyin esa xodimlar himoya kiyimlarini kiyib, jonzotlarni laboratoriyaga olib ketgan.

Shamol virus sporalarini shaharning aholi posyolkasiga emas, yanada janubga olib ketgan va o‘sha yerda dezinfeksiya choralari ko‘rilgan.

Foto: Wikipedia

Qizig‘i, orolning janubida o‘ta xavfli kasalliklar ustida tajribalar o‘tkazilayotgan bir paytda, shimolda insonlar ko‘chada bemalol suhbatlashgan, dengiz bo‘yida oqshomlar tashkil qilgan va dengizda cho‘milgan, bolalar maktab va bog‘chaga borgan.

Shahar aholisi qariyb bir yarim ming kishidan iborat bo‘lgan. Olimlar, harbiylar va kimyoviy qo‘shinlar askarlaridan tashqari, xodimlarning oila a’zolari ham bu xavfli maskanda yashagan. Katta ehtimol bilan, ular janubdagi sinovlardan bexabar bo‘lgan, chunki laboratoriyadagi tajribalar qattiq sir saqlangan.

Kantubek shahridagi harbiy saf

Kuydirgi virusi va arvoh-shahar maqomi

Kantubek kuydirgi batsillalari orqali ancha mashhurlikka erishgan. 1988 yil, sovetlar ittifoqida qayta qurish siyosati boshlangandan keyin Uyg‘onish orolidagi kimyoviy bazadan xabar topgan AQSh SSSRni «Biologik qurollar to‘g‘risidagi konvensiya» shartlarini buzishda, Kantubekda kuydirgi kasalini qo‘zg‘ovchi bakteriyalarni ishlab chiqishda ayblaydi. Xalqaro mojaroning oldini olish uchun SSSR rahbariyati mamlakatdagi barcha kuydirgi viruslarini Orol-7 shahriga olib keladi va ularni shu yerdagi qabristonlarga ko‘madi.

Orol 7 va Orol 5 (kartada Aralsk) shaharlari

SSSR parchalanishi bilan ushbu biokimyoviy shahar Qozog‘istonga ham, O‘zbekistonga ham kerak bo‘lmaydi va 1992 yil Rossiya prezidenti Boris Yelsin buyrug‘i bilan shahar, laboratoriya va poligon Rossiyaning Kirov oblastiga ko‘chiriladi. Evakuatsiya shoshilinch amalga oshirilgani bois, odamlar deyarli barcha narsalarini tashlab ketadi, shuningdek ko‘plab hujjatlar va texnikalar ham orol bag‘rida qoladi.

Shahar mutlaq tashlandiq maskanga aylanadi.

Tezkor ko‘chish sabab olimlar orolda ba’zi tajribalar natijalarini, masalan biomaterial, kasallantirilgan hayvonlar qoldiqlari va shoshilinch ravishda ko‘milgan jonli viruslarni qoldirib ketadi. Bundan tashqari, orol ostida hali ham katta hajmdagi kuydirgi kasali viruslari mavjud edi.

Aynan shu sabab 1995 yil Qozog‘iston va O‘zbekiston taklifiga binoan amerikalik olimlar va harbiylar Kantubek shahriga tashrif buyuradi. Ular kuchli dezinfeksiyalashga qaramay, kuydirgi kasalni qo‘zg‘ovchi Bacillus anthracis batsillalari butunlay o‘lmagani hamda hali ham xavfli ekani haqida xulosa beradi.

1995 va 1997 yillarda ham AQSh delegatsiyasi Kantubekda bo‘ladi. 2002 yilda Orol-7 shahriga 130 nafar amerikalik virusolog keladi. Bu orolga amerikaliklarning oxirgi yirik ilmiy tashrifi bo‘ladi.

Epidemiologlar Kantubek shahri hozirda hech qanday real xavfga ega emasligi (ammo baribir qandaydir shubhalar bo‘lishi mumkin) haqida xulosa bergan bo‘lsa-da, shahar qayta jonlanmadi va arvoh-shahar maqomida qoldi.

Qayd etish kerakki, ushbu arvoh-shahar mashhurlik borasida ancha-muncha shahar bilan bahslasha oladi. U yerdagi tajribalar haqidagi ko‘plab mish-mishlar, afsonalar mavjud. Ba’zi video o‘yin servislari ham bu joy tarixidan ilhomlangan. Masalan, mashhur Call of Duty: Black Ops videoo‘yining missiyalaridan biri Uyg‘onish orolida bajariladi. World of Tanks videoo‘yinida ham Uyg‘onish orolidagi Kantubek shahridan ilhomlanilgan «Yo‘qotilgan shahar» lokatsiyasi mavjud. Command & Conquer: Generals o‘yinida esa Orol dengizi sohilidagi kimyoviy bunkerlar va laboratoriyalar ko‘rsatiladi va bu bilan Kantubek biokimyoviy shahriga ishora qilinadi.

Mavzuga oid