08:37 / 21.10.2021
3320
Buxoroda 18 yoshli qizni fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlaganlar qo‘lga olindi

Buxoro shahrida 18 yoshli qizga zo‘rlik ishlatib, uni fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur qilgan shaxslar jinoyat ustida ushlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, 1988 yilda tug‘ilgan R.H. ismli ayol 1999 yilda tug‘ilgan tanishi R.L. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, o‘zlari istiqomat qiluvchi ko‘chada vaqtincha yashab kelayotgan, 2003 yilda tug‘ilgan qizni 2021 yil 4 sentabr kuni aldab, o‘z uyiga olib borgan. So‘ngra fuqarolik pasportini olib qo‘yib, unga nisbatan zo‘rlik ishlatgan hamda 2021 yilning 4 sentabr kunidan 8 oktabr kuniga qadar pul evaziga fohishalik qilishga majburlab kelishgan.  

9 oktabr kuni R.H. va R.L. qizni navbatdagi mijozga 800 ming so‘mga pullab, fohishalik qilishga majburlagan holda odam savdosi jinoyatini sodir qilishgan. Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sheriklar jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq Buxoroda 28 yoshli qizni fohishalik uchun Ummon davlatiga yuborayotgan shaxslar qo‘lga olingandi.

Top