18:46 / 26.10.2021
36066

«Zakovat» boshlovchisi loyihaning tug‘ilishi, muvaffaqiyati va og‘ir yillari hamda ilk bilimdonlar uni nega tark etgani haqida

«Zakovat» intellektual o‘yinlari bu yil o‘zining 21 mavsumini o‘tkazmoqda. O‘z vaqtida loyihaning jamoatchilik, bilimga intiluvchilarning katta qiziqishlariga sabab bo‘lgan, shuningdek, yo‘qolib ketish darajasiga kelib qolgan paytlari ham bo‘ldi.

Kun.uz o‘zbek xonadonlarining qadrli mehmoni – «Zakovat» teleo‘yini, uning muvaffaqiyati va qiyin o‘tgan yillari hamda joriy mavsumda prezident e'tibori sabab «qayta tug‘ilishi» haqida uning boshlovchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Abdurasul Abdullayev bilan intervyu uyushtirdi.

— Abdurasul aka, sizni «Zakovat» intellektual o‘yinlarida olib boruvchi sifatida taniganmiz va ayni shu loyiha sabab siz barcha o‘zbek xonadonlarining qadrli mehmoniga aylanib qolgansiz.

Abdurasul Abdullayev «Zakovat»gacha kim edi?

— «Zakovat»gacha ham hamma qatori oddiy inson bo‘lganman. Lekin ko‘p kitob o‘qiganman.

Yoshligimda Yunusobod tumanining chekkaroq hududida uyimiz, uning hovlisida esa bog‘imiz bo‘lardi. Esimda, 4–5-sinflarda o‘sha bog‘dagi uzumlarni qushlardan qo‘riqlab o‘tirardim. Bir kuni bu ish meni zeriktirdi va qo‘limga kitob oldim. Bu kitob Lev Tolstoyning «Anna Karenina» romani edi. Kitob 900 sahifali ekan, o‘qib rosti, hech narsa tushunmaganman. Buning ustiga kitobning juda ko‘p varaqlari tushib qolgandi.

Keyinchalik San'at va madaniyat institutiga o‘qishga kirdim. Talaba bo‘lganimda birinchi ishim shu institut kutubxonasiga kirib, «Anna Karenina»ni topib o‘qish bo‘lgan. Tushunmagan joylarimni o‘qituvchilardan so‘rab o‘qidim.

Xullas, mutolaa meni doim savol-javoblarga, tafakkurga ro‘para qilardi. Kitoblarni o‘qigach, xayolimda savollar paydo bo‘laverardi. Nega bunday? Qanday qilib? Qachon?..

Hozir kitobxonlik haqida ko‘p gapirilyapti, sovg‘alar qo‘yib, kitobxonlik tanlovlari o‘tkazilyapti. Lekin menga qolsa, tanlovlarni umuman boshqacha shaklda o‘tkazgan bo‘lardim. Chunki tanlovning hozirgi formasi haqiqiy kitobxonni aniqlash uchun juda murakkablashtirib yuborilgan.

— O‘rtadagi ma'lum turg‘unlik, tushkunlik va ilojsizlik davridan keyin «Zakovat» yana qaytmoqda. Unga davlat rahbari alohida e'tibor qaratilishini aytdi.

Aytingchi, siz bu intellektual o‘yinning boshiga qanday kelib qolgansiz?

— Inson kelajak yo‘lini o‘zi topadi. Men «Zakovat»ga u boshlanguncha ham tayyor boshlovchi va muallif edim. Chunki, birinchidan, kitobni yaxshi ko‘raman, ikkinchidan, o‘zim radioboshlovchi, oliy toifali suxandon edim. «Zakovat»ni tayyor holga kelguncha uni xayolimda ancha vaqt pishitdim.

Bu loyiha hozir ham dunyoning 20 dan ortiq davlatlarida o‘ynaladi.

Uni O‘zbekistonda ham o‘tkazishga ruhsat olish uchun Rossiyadagi «Chto? Gde? Kogda?» ko‘rsatuvi mualliflaridan ruxsat olish kerak bo‘ldi. Rossiyaga bordim.

Ko‘rsatuv mualliflari menga mayli ochaver, lekin loyiha nomini «Chto? Gde? Kogda?», deb qo‘yasan deya talab qo‘yishdi. Men esa rozi bo‘lmadim. Chunki ko‘rsatuv o‘zbekcha nomlanishi kerak edi. O‘sha paytda men maqsadimga erishish uchun ozgina ayyorlik ham ishlatganman. «Chto? Gde? Kogda? tarjimasi o‘zbekchada «Zakovat» bo‘ladi, deb ularni ishontirganman.

— Nega bu o‘yinlar tarixidagi ilk avlod bilimdonlari biz uchun ko‘proq qadrli? Nima uchun doim ularni sog‘inamiz?

— Sababi ular birinchi qaldirg‘och. Birinchini esa hamma eslaydi. Farhod, Zebo, Habibullo, Dilshod kabi bilimdonlarni bugun ko‘pchilik eslaydi.

Bu o‘yinda asosan his-hayajonga e'tibor beriladi. Tomoshabin qarshisidagi o‘yinga muzday bo‘lib, his-hayajonlarsiz chiqib bo‘lmaydi. G‘alabadan ruhlanmagan bilimdonlarni tomoshabin qabul qilmaydi.

Ularga “men rejissyor bo‘lsam, sizlar aktyorsizlar”, deb o‘rgatganman. Rol shundayki, ular bilimli inson rolini o‘ynashadi. Eng qizig‘i, bu ularning o‘zi.

Birinchi avlod bilimdonlariga shularni o‘rgatib, aktyorlikdan ham saboq berganman. Shuning uchun ham odamlar ularni ko‘proq eslaydi.

Siz menimcha, savolingiz mazmunini ular «Zakovat»dan nega ketib qolgan degan tomonga ham buryapsiz?

— Ha, lekin qo‘rqib turibmanki, ko‘nglingizni og‘ritib qo‘ymasmikanman.

— Yo‘q, ko‘nglim og‘rimaydi, agar ularniki og‘rimasa. Chunki men ularni qanday sabab bilan ketib qolishgani, nimadan oramiz buzilganini yaxshi bilaman.

Ha, biz ular bilan ilk parvozimizni qildik. Ularni yordami bilan «Zakovat» ilk qadamlarini qo‘ydi.

Birinchi avlod bilimdonlari bu o‘yinning birinchi bosqichidan kutilgan vazifalarni bajarishdi. O‘sha paytda mening mo‘ljalimda ikkinchi bosqich — savollarni qiyinlashtirish orqali darajamizni Moskvadagi o‘yinlarga yaqinlashtirish turardi.

Biz o‘yinlarni oddiyroq savollar bilan boshlagan edik. Bu haqda bolalarni ogohlantirganman va savollar darajasini ko‘tardim. Lekin ayni shu bosqichda ularda qiyinchiliklar paydo bo‘la boshladi. Ketma-ket mag‘lubiyatlar boshlandi. Shunday mag‘lubiyatli o‘yinlarning biridan keyin bilimdonlar menga biz yutqasmasligimiz kerak, deya murojaat qilishdi.

— Bu yulduzlik kasalimidi?

— Bilmadim, lekin aniqki, sog‘lom muhit emasdi. Nomardlik bo‘lmasin, men ularga doim rahmat aytaman. Xullas, ular burilishdi va ketishdi.

Ularning ortida yangi va yosh bilimdonlar ko‘p edi va ular o‘rin bo‘shagach, tabiiyki, muammosiz o‘yinga kirib ketishdi.

Xullas, o‘sha paytlarda loyiha uchun shunchalik jon kuydirib ishlardikki, men har kuni tushimda «Zakovat»ni ko‘rib chiqardim.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Eslatma: Intervyu davomida Abdurasul Abdullayev tomonidan yutuqli savol ham o‘ynalgan. Siz Kun.uz’ning Youtube sahifasida yuklangan ushbu video ostiga birinchi bo‘lib to‘g‘ri javobni yo‘llashingiz va yutuqqa ega chiqishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Muhiddin Nido.

Top