10:59 / 28.10.2021
4073

Dunyoda ixtiloflar oqibatida qochqinga aylanganlar soni rekord darajaga yetdi

Dunyoda qurolli ixtiloflar sababli qochqinga aylangan odamlar soni rekord darajaga yetdi. BMTning ichki ko‘chgan shaxslar bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Sesilya Ximenes-Damari BMT Bosh assambleyasining uchinchi qo‘mitasi yig‘ilishidagi chiqishida qurolli ixtiloflar sababli o‘z yashash joyini tark etishga majbur bo‘lgan shaxslar soni 48 mlnga yetganini ma'lum qilgan.

Foto: Getty Images

Mutaxassisning ta'kidlashicha, bu tarixda qayd qilingan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

“Qurolli ixtiloflar va zo‘ravonlik tobora kuchayayotgan hozirgi sharoitda inson huquqlari va xalqaro insonparvarlik huquqiga amal qilinishini ta'minlash borgan sari murakkablashmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Ximenes-Damari.

U bunday ixtiloflar aholining bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishiga olib keluvchi tabiiy ofatlar bilan yanada og‘irlashishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan. Ekspert bunga misol tariqasida koronavirus pandemiyasini keltirib o‘tgan.

Sentyabrda Yevroparlament Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga “Tolibon” kelgandan keyin ushbu davlatdan migrantlar oqimi ko‘payishiga tayyor turishga chaqirgan. Yevropalik deputatlar himoyaga muhtoj afg‘on ayollariga maxsus viza dasturini yo‘lga qo‘yishni ham taklif qilishgan.

Yevrokomissiya ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda aholining ichki ko‘chishi darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Mamlakatda 2020 yil oxiridan va 2021 yil boshidan beri mos ravishda 3 mln va 550 ming kishi o‘z yashash joyini tark etishga majbur bo‘lgan.

O‘z navbatida, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish barcha davlatlarni afg‘on qochqinlarini qabul qilishga va ularni deportatsiya qilmaslikka chaqirgan.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyati afg‘on qochqinlarini xavfsiz joyga ko‘chirish uchun 900 mln dollar ajratgan.

Mavzuga oid
Top