08:08 / 28.10.2021
8062

Ichki bozorda ip-kalava uchun asossiz ajiotaj kuzatilmoqda - «O‘zto‘qimachiliksanoat»

2021 yil sentabr oyidan buyon paxta va kalava ip narxining jahon bozorida keskin o‘sishi va O‘zbekiston ip-kalavasiga xorijiy hamkorlarning (birinchi navbatda Turkiyadan) talabi ortishi natijasida ichki bozorda ip-kalava uchun asossiz ajiotaj kuzatilmoqda. Bu haqda "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi xabar berdi.

Foto: ortcom.kz

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan muhokamalar va ichki bozor tahlili asosida ipga bo‘lgan talab va taklif hajmlarini barqarorlashtirish maqsadida qator choralar amalga oshirilmoqda.

Xususan, haftasiga bir marta paxta tolasi va ip-kalava ishlab chiqarish hajmlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni e'lon qilish (yetkazib beruvchilar kesimida takliflar alohida beriladi) mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, paxta tolasi narxlarining spekulyativ o‘sishini cheklash mexanizmini joriy etish (dunyoning yetakchi xomashyo birjalari bilan o‘xshashligiga ko‘ra) maqsadida uning boshlang‘ich narxini Nyu-York kotirovkalari (yoki narxlar tushib ketganda paxta xomashyosi tannarxi asosida) darajasida belgilash va uning eng yuqori narxini “Cotlook”ning “A” indeksida cheklash rejalashtirilgan.

Shuningdek, paxta tolasi, sintetik va sun'iy tolalar, shuningdek ip-kalava importi hajmini kengaytirish, ip-kalava iste'molchilarini aylanma mablag‘ bilan ta'minlash amaliyotini kengaytirish, paxtadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan qo‘shilgan qiymat zanjiri bo‘yicha QQSni qaytarish mexanizmlarini mukammallashtirish va to‘lashni kechiktirish hamda ichki bozorga sotiladigan kalava ip hajmlaridan daromadni foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha takliflar kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Ichki bozorda ip-kalava hajmi barqarorlashmagan holda, 2021 yil noyabr oyida ip kalava eksportiga vaqtinchalik qo‘shimcha to‘lov amaliyoti joriy etiladi.

Top