11:44 / 29.10.2021
4988
Gruziya bosh vaziri Saakashvili Ukrainaga berilmasligini ma'lum qildi
Irakliy Garibashvili / Foto: Imedi

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining muddatdan oldin ozod etilishi yoki Ukrainaga berilishi istisno etiladi. Bu haqda Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili aytib o‘tdi. Uning ta'kidlashicha, ushbu ikki variantdan birining amalga oshishi ham Gruziya hukumati “mamlakat qonunlarini hurmat qilmasligini” anglatgan bo‘lardi. 

“Agar biz bu ikki variantdan birini qilsak ham, hukumat ariza yozib, ertasi kuniyoq iste'foga ketishi kerakligini anglatadi”, deb aytgan “Imedi” telekanaliga bergan intervyusida Garibashvili.

Bosh vazirning aytishicha, Saakashvili tarafdorlarining politsiya bilan to‘qnashuvlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir oyga yaqindan beri ochlikni davom ettirayotgan sobiq prezident xususiy klinikaga davolanish uchun o‘tkazilmaydi. Chunki bunday klinikada “hech qanday xavfsizlik sharoiti” yo‘q.  

“Bunday holda biz politsiya qo‘yishimizga, maxsus vositalar qo‘llashimizga to‘g‘ri keladi va tartibsizliklarga to‘qnash kelamiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Garibashvili.

Ayni vaqtda Saakashvili Rustavi shahridagi qamoqxonada ushlab turilibdi. U Gruziyaga qaytgandan keyin 1 oktyabrda hibsga olingandi. O‘shandan beri sobiq prezident hibsga olinishiga norozilik sifatida ochlikni davom ettirmoqda. Joriy haftada unga reanimatolog yordami talab etilgan.

Saakashvili vatanida bir qator jinoiy ishlar bo‘yicha maksimal 6 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan. 20 oktyabrda unga yana bir ayblov – Gruziya chegarasini noqonuniy kesib o‘tish ayblovi bildirilgan. 

Siyosatchi ayni vaqtda Ukraina fuqarosi hisoblanadi.

Top