16:08 / 30.10.2021
3040
Yevroparlament Yevrokomissiyani Yevropa sudiga berdi

Yevroparlament Polshaga nisbatan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen aytgan sanksiyalar joriy etilishini kutmoqda.

Foto: Global Look Press

Yevroparlament Yevrokomissiyani Yevroittifoq tarkibidagi davlatlar qonun ustuvorligini buzgani uchun jazolash to‘g‘risidagi reglamentdan foydalanmagani uchun Yevropa sudiga berdi. Bu haqda Yevroparlament raisi David Sassoli ma'lum qildi.

YeI qonunlari ustuvorligi mexanizmi 2020 yil dekabrda YeI sammiti ishtirokchilari tomonidan ma'qullangan va kuchga kirgan, ammo shu vaqtga qadar undan foydalanilmagandi. Mexanizmda Yevrokomissiya qonun ustuvorligi buzilgani uchun mablag‘lardan maqsadli foydalanmaslik xavfi mavjud mamlakatlarga umumiy budjetdan mablag‘ ajratilishini qisqartirishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida, Polsha va Vengriya mazkur reglament o‘zlariga qarshi qo‘llanilishidan xavfsirab, Yevropa sudiga qonun ustuvorligi mexanizmiga qarshi da'vo bilan murojaat qildi. Bu boradagi qaror bir necha oydan keyin qabul qilinishi kutilmoqda va Yevrokomissiya unga qadar mazkur mexanizmdan foydalanmaslikka qaror qildi.

Sassolining so‘zlariga ko‘ra, Yevroparlament Polshaga nisbatan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen aytgan sanksiyalar joriy etilishini kutmoqda.

“So‘zlar amalda ham bajarilishi kerak”, – dedi Yevroparlament raisi.

7 oktyabr kuni Polsha Konstitutsion sudi YeI qonunchiligining ayrim qismlari mamlakat Konstitutsiyasidan ustun emasligi to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

Oktabr o‘rtalarida Yevropa parlamenti Polshaning YeIdan oladigan mablag‘ini qisqartirishni talab qiluvchi rezolyutsiya bo‘yicha ovoz bergan.

Mavzuga oid
Top