10:59 / 07.11.2021
14498
Uchar elektromobillar poygasi, boshqaruvchisiz suv taksilari, eng kuchli Android smartfonlar reytingi – hafta texnologik dayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi eng qiziqarli texnoxabarlarni jamladi.

Foto: Reuters

Uchar elektromobillar poygasi

Avstraliyada Alauda Racing startapi dunyoda birinchi marta uchar elektromobillar poygasini o‘tkazdi. Unda ikkita elektromobil ishtirok etgan va ular masofadan boshqarilgan.

Ishtirokchi MK3 Speeder Airspeeder elektromobili 4 metr uzunlikka va 130 kg og‘irlikka ega bo‘lib, 250 km/soat tezlik bilan ucha oladi. Uning elektr dvigatellari litiy-polimer batareyalardan ishlangan bo‘lib, to‘liq quvvatlanganda 15 daqiqa parvozga yetadi.

Elektromobil kabinasida boshqaruvchi uchun joy ko‘zda tutilgan bo‘lib, poyga vaqtida qurilma masofadan boshqarilgan. Kabinada yerdagi boshqaruvchi bilan bog‘langan robot bo‘lgan va u boshqaruvchining barcha harakatlarini qaytarib turgan. Kompaniya kelgusida poygalarni odamlar ishtirokida o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Dunyodagi ilk boshqaruvchisiz suv taksisi

Niderlandiya poytaxti Amsterdamdagi kanallar bo‘ylab boshqaruvchisiz suv taksisi Roboat III xizmati yo‘lga qo‘yildi. ZDNet nashrining xabar berishicha, boshqaruvchisiz suzish moslamasi 5 nafargacha yo‘lovchini yoki 1500 kg yuk tashiy oladi.

Qayiq-taksini AQShning Massachusets texnologik instituti va Amsterdam ilg‘or shahar yechimlari instituti xodimlari ishlab chiqqan.

Qayiqning 2015 yilda yaratilgan va sinovdan o‘tkazilgan modeli taksi sifatida to‘laqonli xizmat ko‘rsatishi uchun ancha yaxshilangan. Elektr qayiq to‘liq quvvatlanganda 10 soat ishlaydi. U soatiga 12 km tezlik bilan harakatlana oladi.

Eng kuchli Android smartfonlar reytingi

Xiaomi Black Shark 4S Pro AnTuTu benchmarki versiyasi bo‘yicha oktabr oyining eng kuchli smartfoni bo‘ldi.

Xiaomi kompaniyasining yangi flagmani bozordagi eng samarador smartfon deb topildi. Xiaomi Black Shark 4S Pro Snapdragon 888+ protsessori, 16 gigabayt tezkor va 512 gigabayt doimiy xotiraga ega.

Shuningdek, reytingning yuqori uchtaligidan Nubia Red Magic 6S Pro va Vivo iQOO 8 Pro o‘rin olgan.

Avvalgi yetakchisi Xiaomi Black Shark 4 Pro to‘rtinchi o‘ringa tushgan bo‘lsa, beshinchi va oltinchi o‘rinlarga Vivo X70 Pro+ va Asus ROG Phone 5s joylashgan.

Yuqori o‘ntalikka kiritilgan barcha qurilmalar Qualcomm Snapdragon 888+ va Snapdragon 888 protsessorlari bazasida ishlaydi.

Yandeks robotlar yordamida mahsulotlar yetkazib berilishini yo‘lga qo‘yadi

Yandeks Yaqin Sharq, Afrika va Markaziy Osiyo savdo markazlari operatorlari bilan boshqaruvchisi bo‘lmagan texnologiyalarni rivojlantirish maqsadlari bo‘yicha shartnoma imzoladi.

Shartnoma doirasida Dubayda mahsulotlarini Carrefour supermarketlaridan yetkazib berish xizmati 2022 yilda sinov dasturi doirasida ishga tushiriladi. Mijozlar MAF Carrefour ilovasida real vaqt rejimida buyurtmani olib kelayotgan robotning harakatlanishini kuzatishlari mumkin.

Carrefour hududlardagi buyurtmalarni yetkazish uchun boshqaruvchisiz robotlardan foydalangan ilk oziq-ovqat riteyli bo‘ladi.

Yandeksning avtonom yetkazib beruvchi robotlari mustaqil ravishda xavfsiz marshrutni rejalashtiradi, yaqinlashib kelayotgan transport vositalari va piyodalarni ko‘radi hamda trotuar va boshqa piyodalar yurishiga mo‘ljallangan hududlarda soatiga 8 km tezlikda harakatlanishi ko‘zda tutilgan.

Yorug‘lik yordamida havodan yonilg‘i ishlab chiqaradigan qurilma ixtiro qilindi

Shveytsariyalik va germaniyalik olimlar quyosh nuridan foydalanib havodan yonilg‘i ishlab chiqaruvchi qurilma yaratishdi

Havodan olingan suv va uglerod gazi reaktorga tushadi, bu yerda yorug‘lik ta'sirida uglerod monooksidi va vodorodga aylanadi. So‘ngra aralashma kerosin yoki metanolga aylantiriladi.

Qurilma turli ob-havo sharoitlarida ishlay oladi. U yetti soat davomida 32 millilitr metanol ishlab chiqarishi mumkin.

Oddiy mashinani elektrokarga aylantiradigan elektrodvigatellar

Ford mashinani elektrokarga aylantiradigan elektrodvigatellarni sota boshladi. Eluminator e-crate elektrodvigateli quvvatni 281 ot kuchigacha rivojlantiradi. Tizim narxi 3900 dollar.

Kompaniya ichki yonish dvigateliga ega mashinalarni elektrokarga aylantirishni osonlashtirish uchun kelajakda akkumulyator tizimlari, kontrollerlar, invertorlar va boshqa ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Shu yo‘l bilan ko‘plab avtomobil egalari uchun mashinalarni modernizatsiya qilishni osonlashtirmoqchi.

5G tarmog‘iga o‘tish ekologiyaga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin

Ericsson kompaniyasi 5G tarmog‘ini jahon bo‘ylab joriy etish borasida tadqiqot o‘tkazib, beshinchi avlod standarti sayyoramiz ekologiyasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini ta'kidlab o‘tdi. Bu haqda kompaniya hisobotida qayd etilgan.

Hujjatda aytilishicha, ma'lumotlar uzatishning yanada samarador usuli atmosferaga karbonat angidrid ajratish kamayishiga xizmat qiladi.

«5G tarmog‘ining eng «iflos» sohalar — elektr energetikasi, transport, ishlab chiqarish va qurilishda faol joriy etilishi natijasida Yevropa mintaqasida CO2 ajralib chiqishi yiliga 55–170 million tonnagacha kamayadi. Bu esa yo‘llardan 35 millionta avtomobilni olib tashlash bilan teng», deyiladi hisobotda.

Mavzuga oid
Top