07:48 / 13.11.2021
3731

USAID COVID-19 bilan kurashish uchun O‘zbekistonga qo‘shimcha 2,5 mln dollar ajratdi

AQSh hukumatining COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli global chora-tadbirlari doirasida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonga qo‘shimcha 2,5 million dollar ajratdi. 

Foto: AQSh elchixonasi

Qo‘shma Shtatlar elchixonasi xabariga ko‘ra, shu tariqa O‘zbekistonning COVID-19’ga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga AQSh hukumatining to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shgan umumiy hissasi 16 million dollardan oshdi. 

USAID ushbu qo‘shimcha mablag‘ni dori vositalari sifatini ta'minlash va mamlakatda vaksinaga nisbatan ishonchsizlikni bartaraf etish uchun yuqori darajadagi texnik yordam ko‘rsatishga sarflaydi.

- O‘zbekistonda to‘liq emlanganlar soni asta-sekin o‘sib bormoqda. Ammo pandemiya hali tugamadi – virus butun mamlakat bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda va yangi variantlar global miqyosda doimiy xavf tug‘dirmoqda. Pandemiyaga barham berish barchaning xavfsizligini ta'minlash, hayotlarni saqlab qolish va global iqtisodiyotni tiklash uchun juda muhim, - dedi USAID’ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit. - Vaksinalar bunda asosiy yechim bo‘lib, Bayden ma'muriyati bu harakatga sodiqligini yaqinda Qo‘shma Shtatlarning butun dunyo bo‘ylab 200 million dozadan ortiq COVID-19 vaksinasini xayriya qilganini e'lon qilishi orqali namoyon etdi.

Pandemiya boshlanganidan beri USAID O‘zbekiston hukumati bilan bir qator yo‘nalishlarda keng ko‘lamli hamkorlik qilib keldi. Bunga test sinovlari o‘tkazish uchun milliy laboratoriya tizimlarini mustahkamlash; laboratoriya va sog‘liqni saqlash muassasalarida infeksiyaning oldini olish va nazorat qilish; diagnostika salohiyatini kuchaytirish, COVID-19 kuzatuvini va tezkor javobni oshirish; kasallik yuqtirganlarni davolashni takomillashtirish; shuningdek, aholining COVID-19 haqida xabardorligini oshirish, jamoatchilikni jalb qilish va ko‘ngillilarni safarbar etish kabilar misol bo‘ladi.

COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, USAID O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy savdoni kengaytirish, tuberkulyoz va boshqa salomatlik tahdidlariga qarshi kurashish, erta ta'lim bo‘yicha sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi ehtiyojlariga javob berishda hukumat salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.

Top