16:07 / 22.11.2021
32095
«Menga «hurmatli» deya murojaat qilmanglar» - Zoyir Mirzayevning ilk «hokimlik soati»dan iqtiboslar

Zoyir Mirzayev ilk «hokimlik soati»da boshqaruv siyosatida belgilab olingan eng ustuvor vazifalarni aytdi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

22 noyabr kuni Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoir Mirzayev raisligida videoselektor tarzida ilk «hokimlik soati» o‘tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma'lum qildi.

Yig‘ilishda viloyat rahbari Zoyir Mirzayev boshqaruv siyosatida belgilab olingan eng ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Quyida hokimlik soatidagi asosiy iqtiboslar:

– Fuqarolar bilan qabulni ko‘chma tartibda olib boramiz. Unda hamma sektor rahbarlari qatnashadi. Soat 14:00 da bo‘ladigan qabulga soat 8:00 da o‘sha murojaatchining sektor rahbari, tegishli tashkilot mutasaddisi uyiga borib, masalasini joyida o‘rganib chiqadi.

– Qanday toifadagi rahbar bo‘lishidan qat'i nazar, bilib olsin, faoliyatimizning asosiy mezoni «Inson qadri uchun» tamoyili asosida bo‘ladi. Buni kerak bo‘lsa, stolning ustiga yozib qo‘ying. Yana shuni ham yozib qo‘yinglarki, ishimizda «mayda-chuyda masalaning o‘zi yo‘q».

– Haftada bir marta, dushanba kuni bajarilgan ishlar tahlili, muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkaziladi.

– Fuqarolarning murojaatlarini qabul qiladigan telegram-bot tashkil qilamiz. Kerak bo‘lsa, o‘sha fuqaro bilan telefonda o‘zim gaplashaman.

– Hokimiyatdan har bir chiqayotgan qog‘oz hokimiyatning yuzi. Davlat tili bo‘yicha hokimiyat hujjatlarini xato yozadigan xodim hokimiyatda ishlashi mumkin emas.

– Oshkoralik, shaffoflik ko‘pchilikka yoqmaydi, lekin har qanday chiqqan negativga sektor rahbari munosabat berishi shart. Ijtimoiy tarmoqqa kirishni bilmasangiz, o‘rganing, rahbar zamondan orqada qolishi mumkinmas.

– Oldindan kelishib olaylik, menga «hurmatli» deya murojaat qilmanglar.

– Nimaga ayrim hokimlar bloger, jurnalistlar uchun yopiq?! Press-tur o‘tkazib, jurnalistlar yonida yurib, bajarilayotgan ishlarni ko‘rsatinglar. Yomonini ham ko‘rsataylik, yomoni ham o‘zimizniki.

– Daraxt ekaveramiz, lekin uning ko‘karib chiqishi-chi?

– Viloyatimiz tuman-shaharlaridagi tahririyatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Gazetalar bizga kerak. Hududiy tahririyatlardagi jurnalistlar tajribasini qadrlanglar, qo‘llab-quvvatlanglar. Bu bo‘yicha mutasaddilardan aniq takliflar kutamiz.

Top