22:57 / 25.11.2021
2267
Bojxona qo‘mitasi Markaziy laboratoriyasiga Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy laboratoriyasi maqomi berildi

25 noyabr kuni Davlat bojxona qo‘mitasida Markaziy bojxona laboratoriyasiga Jahon bojxona tashkilotining (JBT) mintaqaviy maqomi berilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Unda Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriya, Jahon Bankining O‘zbekistondagi vakili Raul Feliks Yunkera-Varela, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarboyjon hamda Rossiya bojxona laboratoriyalari vakillari, Markaziy apparat shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Tadbirda yo‘l xaritasida amalga oshirilishi nazarda tutilgan anglashuv memorandumi imzolandi. 

Qayd etilishicha, Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomining berilishi:

  • mintaqadagi davlatlar bojxona laboratoriyalari bilan hamkorlikda tadqiqot va ishlanmalar hamda tahliliy sharhlar tayyorlashga, Markaziy bojxona laboratoriyasi mintaqadagi bojxona xizmatlariga maslahatlar, tavsiyalar berish, ularning mutaxassislarini o‘qitish bo‘yicha konsultatsiya va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishga imkoniyat yaratib beradi;
  • Jahon bojxona tashkiloti, uning mintaqaviy bojxona laboratoriyalari va tashkilotning boshqa ishtirokchilari tashkil etadigan konferensiya, forum, konsultatsiya, seminar, simpozium, davra suhbati va boshqa tadbirlarda ishtirok etishga zamin yaratadi.
Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Kunning ikkinchi yarmida DBQ Bojxona institutida institutning “Bojxona ishi” ta'lim yo‘nalishi JBTning PICARD xalqaro standartlariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomani topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, bojxona sohasida professional mutaxassis tayyorlash uchun xalqaro standartlar hisoblanuvchi – PICARD standartlari JBT va Xalqaro bojxona universitetlari tarmog‘i tomonidan 2005 yilda ishlab chiqilgan. Bugungi kunda JBTga a'zo bo‘lgan 183 davlatdan atigi 10 davlatda 13 ta oliy ta'lim muassasasining ta'lim dasturlari ushbu standartlar bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. 

Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona institutining “Bojxona ishi” ta'lim yo‘nalishi ushbu standartlarga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkazilishi institutda bojxona ishi sohasida xalqaro standartlarga muvofiq raqobatbardosh kadrlar tayyorlanishi xalqaro miqyosda tan olinishini anglatadi.

Tadbir davomida institut kengashi tomonidan Kunio Mikuriyaga “DBQ Bojxona instituti faxriy professori” unvoni berildi.

Top