16:05 / 25.11.2021
5526
Nur-Sulton shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston muftiylari uchrashdi
Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Bugun, 25 noyabr kuni Nur-Sulton shahrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay Tag‘anuli bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Qozog‘istonga «Mustaqil Qozog‘iston va Islom qadriyatlari» nomli xalqaro anjumanda qatnashish uchun tashrif buyurgan.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

«Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik diniy-ma'rifiy jabhada ham izchil rivojlanib, xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik yanada mustahkamlanib borayotgani, bu ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli o‘zaro munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta'kidlandi», – deyiladi xabarda.

Muloqotda O‘zbekiston va Qozog‘iston muftiylari ikki davlat rahbarlarining dinga muhabbatlari ziyodaligi bois Islom ma'rifatini keng taratish bo‘yicha katta sa'y-harakatlar olib borilayotganini e'tirof etgan.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Shuningdek, muloqotdan so‘ng muftiy Nuriddin Xoliqnazarov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Qozog‘iston muftiysi noibi O‘ngar Yershat Agibay o‘g‘li hamrohligida Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi.

Joriy yilning 19 noyabr kuni muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Qirg‘iziston muftiysi Zamir Rakiyev boshchiligida O‘zbekistonga tashrif buyurgan ulamolar bilan uchrashgan edi.

Top