11:14 / 25.11.2021
2327
O‘zbekiston chegaralarida narkotik savdosi bilan bog‘liq 14,6 mln dollarlik kontrabanda jinoyatlari bartaraf qilindi

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq umumiy qiymati 14,6 million dollar bo‘lgan 100 dan ortiq yirik kontrabanda jinoyatlari bartaraf qilindi. Bu haqda 24 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro tadbirda qatnashgan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ma'lum qildi.

Foto: TIV axborot xizmati

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, UNODC ijrochi direktori Gada Fathi Vali, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari hamda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov qatnashgan anjumanda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining (UNODC) Markaziy Osiyo uchun 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan dasturi imzolandi.

Tadbirda narkotik moddalar savdosi, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya va terrorizmga qarshi kurashda mintaqa davlatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha UNODC dasturining oldingi bosqichi samarali bo‘lgani qayd etildi hamda imzolanayotgan dasturning transmilliy tahdidlarga qarshi kurashishdagi dolzarbligi ta'kidlandi.

«Narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash sohasida o‘tgan yillar davomida yetarlicha hamkorlik tajribalari to‘plandi. Umumiy summasi 15 million dollarga yaqin bo‘lgan milliy va mintaqaviy xarakterga ega loyihalarni amalga oshirilgani buning yorqin misoli bo‘la oladi. Idoralararo mobil guruh, chegara hamkorlik idorasi va 3 port nazorati punktlarining ochilishi natijasida 100 dan ortiq, umumiy qiymati 14,6 million dollar bo‘lgan kontrabanda jinoyatlari bartaraf qilindi», dedi Abdulaziz Komilov.

Shuningdek, vazir o‘z nutqida asosiy qurboni migrantlar bo‘layotgan odam savdosi, korrupsiyaga qarshi hamda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda milliy va xalqaro darajada amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.

Bundan tashqari, 24 noyabr kuni Abdulaziz Komilov BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, UNODC Ijrochi direktori Gada Fathi Vali bilan alohida uchrashuv ham o‘tkazdi.

Top