14:09 / 26.11.2021
18439
Iqtisodiyot qulashi va ocharchilik: Afg‘oniston falokat yoqasida

Afg‘onistondagi tibbiyot xodimlari toliblar kelganidan beri maosh olmayapti.

BBC teleboshlovchisi Yaldo Hakim Afg‘onistonda tug‘ilgan. Uning oilasi 1980-yillarda sovet istilosi davridayoq mamlakatni tark etgan. Ammo keyinchalik u Afg‘onistonga jurnalist sifatida bir necha bor kelgan. Bu uning vataniga toliblar mamlakatni qo‘lga olganidan keyin ilk bor kelishi.

Toliblar hukumatga kelganidan keyin vatanimga ilk marta kelganimda ko‘plab savollarga javob topishga to‘g‘ri kelishini bilardim.

Yaldo Hakim Afg‘onistonni sovet istilosi yillaridayoq tark etgan

G‘arbparast hukumat ag‘darilganidan keyin hukumat qay darajada o‘zgardi? Afg‘onlar o‘zlari orzu qilgan tinch hayotga erishadimi? Yangi hukmdorlar tomonidan jamiyat hayotidan allaqachon uzoqlashtirilgan ayollar va qizlarni nima kutmoqda?

Biroq o‘z-o‘zimga beradigan savollardan biri xayolimga ham kelmagandi. Kundan kunga, haftadan haftaga, oydan oyga hech narsa olmay, ishga qatnash uchun qancha kuch kerak?

Men aynan shu narsaga guvoh bo‘ldim.

Avvalgi hukumat qulab, xorijiy yordam kelmay qo‘ygach, Qandahordagi shifokorlardan tortib Kobul shifoxonasidagi farroshlargacha — Afg‘oniston sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining hech biri maosh olmayapti.

Ularning o‘zi jar yoqasida, biroq hech narsaga qaramay, ishga qatnayapti va qo‘llaridan kelgancha tushkunlikka tushib qolgan odamlarga yordam beryapti.

Afg‘onistondagi tibbiyot xodimlari toliblar kelganidan beri maosh olmayapti

Nasrin Afg‘oniston poytaxti Kobuldagi Indira Gandi nomidagi shifoxonada farrosh bo‘lib ishlaydi.

«Agar ishga chiqmasak, bu bolalar vafot etadi. Biz qanday qilib ularni tashlab qo‘yamiz?» — deydi u.

Kichik yoshdagi bolalarning ko‘pchiligi to‘yib ovqatlanmagani sababli juda quvvatsiz. Ular qandaydir infeksiya yuqtirib olmasligi uchun palatalar toza bo‘lishi kerak.

Nasrinning so‘zlariga ko‘ra, uning transport xarajatlari uchun to‘lashga puli yo‘q. Ishga piyoda qatnayapti. Tog‘ tizmasi bo‘ylab pastga va 12 soatlik smenadan keyin yana ortga.

Ayrim bolalar to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda

Sog‘liqni saqlash xodimlariga qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ularning bemorlari yanada og‘ir ahvolda.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 23 million afg‘on ochlikdan o‘lish xavfi ostida. Aholining 95 foizi to‘yib ovqatlanmayapti.

Nasrin tozalaydigan palatalarda ushbu inqirozning eng yosh jabrlanuvchilari bor.

Uch yoshli Gulnora shu darajada zaifki, yumilib ketayotgan ko‘zlarini zo‘rg‘a ochyapti. Sochlari to‘kilib ketmoqda. Uyg‘ongach, og‘riq zo‘ridan yig‘laydi. Afg‘on bolalari boshdan kechirayotgan ochlik oqibatlari ana shunday.

Yaldo Hakim kelgan Kobuldagi Indira Gandi nomidagi shifoxonaga to‘yib ovqat yemaslikdan aziyat chekayotgan bolalar yotqizilgan.

«Tolibon» rasmiy vakili Suhayl Shahin bularning barida xalqaro hamjamiyatni ayblamoqda. Uning aytishicha, afg‘on xalqi G‘arb tufayli aziyat chekyapti.

«Ular mamlakat falokat, ochlik, gumanitar inqirozga yuz tutayotganini aytishyapti. Shunday ekan, bu fojianing oldini olish uchun biror nima qilishsin. Inson huquqlari haqida gapiradigan xalqaro hamjamiyat, mamlakatlar Afg‘onistonni gumanitar inqirozga olib boruvchi qadamlar qo‘yishni bas qilishlari kerak», — deydi Shahin.

Afg‘onistondagi ko‘pchilik bir narsani aniq biladi: muammoni xorijdan keladigan yordamgina hal etishi mumkin.

Mamlakat iqtisodiyoti ahvoliga nazar solinsa, bu yaqqol ko‘rinadi. Xalqaro yordam kelmay qo‘ygach, iqtisodiyot quladi-qo‘ydi.

«Men g‘isht pishirishda ishlardim. O‘sha vaqtda oyiga 25 ming afg‘oni (270 dollar) topardim. Hozir oyiga hatto 2 ming (22 dollar) ham ishlab topayotganim yo‘q», — deydi ko‘cha mehnat birjasida pul topish ilinjida ish kutayotgan o‘rta yoshlardagi afg‘on.

Uning to‘rt nafar farzandi bor. Aytishicha, ularning hammasi kasal, doriga esa pul yo‘q.

«O‘zim uchun hech qanday kelajakni ko‘rmayapman. Kambag‘al oilalarning kelajagi yo‘q», — deydi u. 

Top