22:02 / 27.11.2021
4103
Ekoqo‘mita: 48 milliard so‘mlik jarima va kompensatsiyalar hamon undirilmagan

Ekologik huquqbuzarliklar uchun oxirgi 3 yilda hisoblangan 48 mlrd so‘mlik jarima va kompensatsiyalar hali undirilmagan, deya ma'lum qildi Ekoqo‘m raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov. Uning aytishicha, qo‘mitada kadrlar qo‘nimsizligi va yuristlar yetishmasligi kabi muammolar bor.

O‘zbekistonda ekologiya sohasi tobora dolzarb masalaga aylanib, muammolar yaqqol bo‘y ko‘rsata boshladi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga bu borada savol va e'tirozlar yetarlicha.

Odatda ekologik muammolar borasida OAV vakillari mutasaddilarga juda ko‘p savollar berishadi va ana shu so‘rov-savollarning aksari daraxtlar kesilishi, suv va yer masalalari, havo va chiqindilar borasida bo‘ladi. Bu to‘g‘ri, biroq bir masala nazardan chetda qolayotgandek: qonunbuzarlarga jarimalar solingani, kompensatsiyalar miqdori haqida bot-bot takrorlayotgan Ekoqo‘mita ana shu jarimalar undirilgan-undirilmagani, ularning umumiy miqdori, bu pullar qayerga yo‘naltirilishi haqida ma'lumotlarni deyarli bermaydi.

Kun.uz muxbiri AOKAda o‘tgan navbatdagi matbuot anjumanida ushbu savolni o‘rtaga qo‘ydi. Ekoqo‘mita raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov esa holatni 2019-2021 yillar mobaynida 48 mlrd so‘mlik jarimalar undirilmagani, shuningdek ishlarning ayrimlari turli jarayonlarda ekani bilan izohladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, jarimani qisqa vaqtda to‘lasa, 30 foizli chegirma qilinadi.

“Ekologik qonunbuzarliklar bo‘yicha millionlab, milliardlab jarimalar, kompensatsiyalar qo‘llayapmiz. Daraxtlar kesilishi, suv, yer masalalari bo‘yicha ancha miqdordagi jarimalar mavjud. 2019, 2020, 2021 yillar kesimida oladigan bo‘lsak, chamasi 48 milliard so‘m miqdordagi pullar undirilmagan. Ayrim ishlar sudga oshirilgan, ayrimlari MIBga chiqarilgan, prokuratura qo‘lidagi ishlar ham mavjud, qisqasi, turli holatdagi ishlar bor.

Kun.uz bizga bu borada rasmiy murojaat ham yo‘llagan edi. Bu bo‘yicha ishlayapmiz. Debitor qarzdorlik, bilsangiz, istalgan tashkilotda uchrab turadigan holat. Yaqin 1,5 oy ichida sizga bu borada to‘liq va aniq ma'lumot beramiz.

Yana bir masala: jarimaga tortilgan qonunbuzar jarimani qisqa vaqt ichida to‘lasa, unga 30 foizli chegirma bor. Bordi-yu vaqtini cho‘zib yuborsa, biz ishni sudga chiqaramiz, keyin undiruv bilan MIB shug‘ullanadi. Ochig‘ini aytish kerak, qo‘mitadagi kadrlar qo‘nimsizligi, yuristlar yetishmasligi kabi ichki lokal muammolar bu borada biz to‘liq kuch bilan ishlashimizga biroz xalal beryapti. Ammo yaqin orada bu muammolar barham topishiga erishamiz”, – deydi Ekoqo‘mita raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov.

Top