Kun.uz muxbiri O‘zbekistondagi qurilishlar sabab katta hajmdagi yashil hududlar, ko‘llar, daraxtlar yo‘q qilinib, o‘rni to‘ldirilmayotgani hamda bu jarayonning oqibatlari haqida shaharsozlik bo‘yicha xalqaro ekspert – Temur Ahmedov va iqlimshunos Erkin Abdulahatov bilan suhbatlashdi.

Kun.uz:

Temur aka, Erkin aka, sizlardan bugun O‘zbekistonda yashillikka nisbatan bo‘layotgan munosabat haqida fikrlaringizni so‘ramoqchiman. Ya’ni ko‘p qavatli uylar, savdo markazlari qurilishi uchun ko‘plab yashil hududlarning yo‘qotilishi va ularning o‘rni to‘ldirilmayotgani bilan biz nimalarni yo‘qotyapmiz?

Temur Ahmedov, shaharsozlik bo‘yicha xalqaro ekspert

— Aslida shaharlar odamlar uchun quriladi. U insonlar uchun har tomonlama qulay joy bo‘lishi kerak. Toshkentni ham odamlar 2 ming yillardan beri o‘ziga qulay voha qilib yashab kelishdi. Ya’ni ular bu hududlarda havo namligi, sifati, suv sifati yoki qishloq xo‘jaligi uchun qulayligi bo‘yicha kerakli balansni saqlab kelishdi. Bugun ana shu balans buzilgan.

Shuningdek, har qanday shahar yashash sifati bilan baholanadi. Agar shahar odamlar yashashi uchun qulay bo‘lmas, kerakli toza havo topilmas ekan, odamlar ham u yerda yashashni xohlamaydi va narxlar pasayib ketaveradi.

Umuman, bugun mintaqamizda kuzatilayotgan cho‘llanish hodisasi iqtisodiy va xavfsizlik muammolarini ham yuzaga keltiradi.

Biz yashillik, yashil hududlarni ko‘paytirish kerakligi haqida ko‘p gapiryapmiz. Ayrimlar uchun bu go‘yoki ko‘ngil yozish, shunchaki dam olish hududlarini ko‘paytirish kerak, degandek tuyuladi. Yo‘q, yashil hududlarning kamayib borishi avvalo, iqtisod, xavfsizlik va ekologiya muammosi ham.

Erkin Abdulahatov, iqlimshunos

— Yozda jazirama issiq kunlarning ko‘p, bahor-kuzda yog‘ingarchilikning kam bo‘lishi yoki qishda qor yog‘masligi – iqlim o‘zgarishlarini barchamiz his qilib turibmiz. Bu o‘zgarishlar Markaziy Osiyo mintaqasida qurg‘oqchilik, cho‘llanish jarayonini keskin tezlashtirib yubordi.