10:08 / 27.11.2021
7107

“O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi”: birjaning benzin bozori barqarorlashdi

Foto: O‘zRTXB

Noyabr oyining oxirlariga kelib birjaning benzin bozorida talab va taklifning mutanosibligi tiklanishi va narxlarning barqarorlashuvi kuzatilmoqda.

Ma'lumki, 1-15 noyabr kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha sotilish narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 8 690,6 ming so‘mdan 10 129,4 ming so‘mgacha, ya'ni 17% ga o‘sgan edi.

Narxlar barqarorlashuvini ta'minlash maqsadida birjaning benzin bozorida taklif darajasini oshirish, birja savdolariga kichik lotlar (1 tonnalik)ni qo‘yish va xaridorlar uchun maksimal hajmlar (limit)ni o‘rnatish choralari ko‘rildi.

Bularning natijasida 15-26 noyabr kunlari AI-80 markali benzinning birja savdolariga qo‘yish darajasi 3,6 marotabaga o‘sdi. Bunda birja savdolariga qo‘yilgan benzin hajmida 1 tonnalik lotlarning ulushi 6% dan 57% gacha oshirildi. Savdolarda ishtirok etgan va benzinni sotib olgan xaridorlarning soni esa 32 tadan 367 tagacha, ya'ni 11,4 barobarga oshdi. 

Mazkur davrda benzinning birjada shakllangan o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 10 129,4 ming so‘mdan 8 101,2 ming so‘mgacha, ya'ni 20% ga pasaydi. Benzinning bir tonnasi uchun sotilish narxi 15 noyabrga nisbatan 2 028,2 ming so‘mga, 1 noyabrga nisbatan esa 589,4 ming so‘mga arzonlashdi.

O‘z navbatida, birja bozorida benzin narxlarining barqarorlashuvi chakana bozorlarda, ya'ni avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari (AYoQSh)ning narxlarida ham o‘z aksini topmoqda.

Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinning bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

“O‘zRTXB” AJ PR bo‘limi Ⓣ

Mavzuga oid
Top