23:37 / 02.12.2021
10405

Yevropa ittifoqi Belarusga navbatdagi sanksiyalarni kiritdi

Foto: TASS

Yevropa ittifoqi Belarusga qarshi 5-sanksiyalar paketini kiritdi. Ushbu ro‘yxatga 11 nafar yuridik va 17 nafar jismoniy shaxs kiritilgan. Yevropa ittifoqi kengashi qaroriga ko‘ra, sanksiyalar YeI chegaralaridagi migratsiya inqirozi bilan bog‘liq holda qabul qilingan. Bryusselning fikricha, bu Minsk tomondan “gibrid hujum” hisoblanadi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga “Belavia” aviakompaniyasi, Belarus chegara maxsus kuchlari, “Tsentrkurort” davlat turistik agentligi, bir nechta mehmonxona va yana bir nechta turagentlik kiritilgan. Shuningdek, ushbu ro‘yxatga Suriyaning Minskka parvozlar amalga oshiruvchi Cham Wings aviakompaniyasi, Turkiyada joylashgan va Belarusga sayyohlik turlarini rasmiylashtiruvchi VIP Grub agentligi ham kirgan.   

Bundan tashqari, Belarus davlat chegara qo‘mitasi rahbari Anatoliy Lappo, uning o‘rinbosari Igor Marshalov, Belarus tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Anatoliy Glaz, chegara qo‘shinlari bo‘linmalari rahbarlari va boshqa kuch tuzilmalari vakillari, sudyalar ham sanksiyalar ostiga tushgan.

Shu tariqa, Yevropa ittifoqining Belarusga qarshi kiritgan sanksiyalari ro‘yxati ostiga tushganlar soni jami 183 jismoniy va 26 yuridik shaxsga yetgan. Yevropa ittifoqi biznes vakillariga sanksiyalar ostiga tushgan shaxslar bilan har qanday aloqalar man etiladi, ushbu shaxslarga Yevropa ittifoqi hududiga kirish taqiqlanadi va ularning ittifoq davlatlaridagi bank hisob raqamlari muzlatiladi.

Top