21:41 / 06.12.2021
4363
Shermatov: «Qozog‘iston IT-kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z filialini ochishni rejalashtirmoqda»

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi doirasida AKT vaziri Sherzod Shermatov ham Nur-Sulton shahrida bo‘lib qaytdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Tashrif doirasida Markaziy Osiyodagi eng yirik xalqaro texnoparklardan biri – Astana Hub kompaniyasi rezidentlari bilan uchrashdik. Uchrashuvda Qozog‘istonning bir qator IT kompaniyalari bilan O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘zbekiston bozorida Qozog‘iston kompaniyalari faoliyatini kengaytirish bo‘yicha amaliy rejalar muhokama qilindi. Jumladan, jahon miqyosida talabalarni ishga taklif qilish bilan shug‘ullanayotgan mustaqil mutaxassislarning faoliyatini tashkil qilishga yo‘naltirilgan «Oquda» kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdik.

Qozog‘iston sohamizning qator yo‘nalishlari bo‘yicha MDHda birinchi o‘rinda turadi. Masalan, texnologik va joriy qilish konsalting xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan «Maxinum Consulting Group» kompaniyasi bilan muzokara olib bordik. Mazkur kompaniya bilan O‘zbekiston IT sohasida ilk qadamlarini qo‘yayotgan mutaxassislarni mentorlikka jalb qilishga kelishildi. O‘z navbatida, «MyBuh.kz» kompaniyasi bilan O‘zbekiston hududida uning filialini ochish va IT park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga kelishdik. «MyBuh.kz» kompaniyasi tadbirkorlarga buxgalteriya sohasida avtomatlashtirilgan servisni taqdim etadi.

Ma'lumotlarni tahlil qilish va ularni vizuallashtirish xizmatlarini ko‘rsatayotgan Datanomix konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonlik kompaniyalari uchun seminar o‘tkazishga, avtoturargohlar uchun aqlli yechimlarni taqdim etayotgan «Parqour» kompaniyasi bilan muzokaralar olib borish natijasida IT park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga kelishildi», deb Shermatovning so‘zlarini kelirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, Sherzod Shermatovning ma'lum qilishicha, Astana Hub kompaniyasi rezidentlari bilan uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, startap-industriyani rivojlantirish doirasidagi masalalar muhokama qilingan. Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston IT-kompaniyalarining ikki davlat bozoriga kirishi masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olgan.

Mavzuga oid
Top