08:23 / 11.12.2021
13607

Toshkent irrigatsiya instituti universitetga aylantirildi

Prezident “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Foto: Toshkent irrigatsiya instituti

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti deb qayta nomlandi.

Quyidagilar universitetning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • gidroenergetika, irrigatsiya tizimlarini boshqarish, suv xo‘jaligi obektlari qurilishi, kadastr va geoinformatika, “yashil iqtisodiyot”, “yashil energetika”, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, raqamli texnologiyalar tarmoqlari uchun oliy ma'lumotli muhandis kadrlarni tayyorlash;
  • sug‘orish tizimlari samaradorligini oshirish, tejamkor sug‘orish texnologiyalarini yaratish, “raqamli qishloq xo‘jaligi” va geoaxborot tizimlari asosida yerlarning meliorativ holatini baholashni yo‘lga qo‘yish hamda tuproq unumdorligini oshirishning takomillashgan usullarini ishlab chiqish;
  • zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish va ularning transferi bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish, suv resurslarini hisobga olish va boshqarish tizimini takomillashtirish, gidrotexnika inshootlarini loyihalash, qurish va foydalanishni raqamlashtirish borasida ilmiy yechimlarni ishlab chiqish;
  • ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta'lim tizimini yaratish;
  • yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan qo‘shma ta'lim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish, Universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta'lim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish;
  • o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta'lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;
  • o‘quv jarayoniga xalqaro ta'lim standartlarini joriy etish, ta'lim va tadqiqotni uyg‘unlashtirish orqali iqtisodiyot tarmoqlari uchun eng ilg‘or innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish;
  • tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

Universitet gidroenergetika, irrigatsiya, melioratsiya, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnika va texnologiyalar, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, geodeziya va geoinformatika, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Moliya vazirligining Universitetni 2022 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi. Bunda, Universitetga o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilgan oliy ta'lim muassasalari uchun berilgan barcha vakolat va huquqlar tatbiq etiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining quyidagi takliflari ma'qullandi: universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga ega Fundamental va amaliy tadqiqotlar institutini tashkil etish; universitetning Buxoro filiali negizida Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutini tashkil etish; universitetning Qarshi filiali negizida Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish.

Top