23:53 / 17.12.2021
5110

Xalqaro avtomobil federatsiyasiga ilk bor Yevropa vakili bo‘lmagan shaxs saylandi

BAAlik Muhammad bin Sulayim Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA)ning yangi prezidenti etib saylandi. E’tiborlisi, u FIA’ga rahbarlik qiladigan Yevropa vakili bo‘lmagan ilk shaxs hisoblanadi.

Foto: FIA

Prezident FIA’ning Parijdagi bosh assambleyasida saylandi. Bin Sulayimga federatsiya vakillarining 61 foizi, uning raqibi Grem Stokerga 36 foizi o‘z ovozini bergan, qolganlar betaraflik bildirgan.

BAA vakili tashkilotga 2009 yildan rahbarlik qilib kelgan fransuz Jan Todt o‘rnini egallaydi. Todt ushbu lavozimni ruxsat berilgan maksimal 4 yillik 3 ta muddat egallagani sababli saylovlarda boshqa ishtirok eta olmagan.

FIA’ning yangi rahbari 60 yoshda bo‘lib, u ralli bo‘yicha Yaqin Sharq chempionatining 14 karra g‘olibi hisoblanadi. U 2008 yilda FIA vitse-prezidenti etib tayinlangan.

FIA jahon avtosportini nazorat qiluvchi tashkilot bo‘lib, unga 1904 yilda asos solingan.

Top