07:30 / 20.12.2021
6282

Kimyo sanoati uchun ilmiy klaster tashkil etildi

Foto: 123RF

Vazirlar Mahkamasi “Kimyo sanoati uchun innovatsion kimyoviy ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Prezidentning 2021 yil 13 fevraldagi PQ-4992-son qaroriga muvofiq, kimyo sanoati uchun innovatsion kimyoviy ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasterini tashkil etish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.

Quyidagilar ilmiy klaster faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • kimyo sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini respublika kimyo sanoati korxonalariga tatbiq etish, ushbu tarmoqni texnologik transformatsiyalash va rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
  • ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hisobiga kimyo sohasida ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish hamda yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy tajribalar o‘tkazish;
  • kimyo sohasida ilmiy yo‘nalishlar va tegishli ixtisosliklar bo‘yicha ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash hamda iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
  • maqsadli fan-texnika va innovatsion dasturlarni amalga oshirish orqali kimyo fani va texnologiyalarini muvofiqlashtirishda faol ishtirok etish;
  • kimyo sohasida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash maqsadida tegishli ilmiy tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari hamda tarmoq korxonalari bilan aloqalarni mustahkamlash;
  • xorijda ilmiy kadrlarning kasbiy malakasini oshirish, shuningdek, ilmiy klaster faoliyatiga chet ellik olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan, xorijdagi sohaga oid vatandoshlarni jalb qilish;
  • ilmiy klaster ilmiy va o‘quv faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish.

"O‘zkimyosanoat" AJ va uning tarkibidagi tashkilotlar muassisligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi ilmiy klaster direksiyasi tashkil etiladi.

Direksiya: ilmiy klaster obektlarini qurish bo‘yicha buyurtmachi vazifasini amalga oshiradi; ilmiy klaster obektlari qurilishi yakunlangandan so‘ng ularni boshqarish, saqlash, undan foydalanish va ta’mirlash bo‘yicha belgilangan tartibda xizmatlar ko‘rsatadi.

"O‘zkimyosanoat" AJga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi va Ilmiy klaster direksiyasi bilan birgalikda 2021 yil yakuniga qadar ilmiy klaster hududida quriladigan obektlar, shu jumladan, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi obektlari ro‘yxatini tuzish, shuningdek, 2022 yil 25 dekabrga qadar ta’lim yo‘nalishlari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish topshirildi.

Top