21:20 / 23.12.2021
11374
Bo‘stonliqdagi metan “zapravka” nega buzilmoqda? Prokuratura izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliqdagi metan “zapravka” Toshkent viloyati hokimi buyrug‘i bilan buzib tashlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Prokuratura holat bo‘yicha Bo‘stonliq tuman hokimligi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi ochgan.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, metan “zapravka” qurilishini tuman hokimining qarorlari asosida olib borgan, qurilishga 5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflagan, qo‘shimchasiga hokimlik topshirig‘i bilan 250 mln so‘m sarflab, mahalla binosi qurilishida homiylik qilgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, shaxsan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev unga “zapravka”ni buzishni buyurgan, buzishga nima sabab bo‘layotganini so‘raganida, unga bosh vazir yo‘ldan o‘tayotganda “zapravka” hukumat rahbariga yoqmagani aytilgan.

Toshkent viloyat prokuraturasi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, tadbirkor (“NUKUS METAN TRANS SERVIS” MChJ)ga yer ajratish haqidagi 2019 yil 25 martdagi hokim qarori Yer kodeksining 8 va 9-moddalariga zid ravishda qabul qilingan.

Ushbu qarorda tadbirkorga Bo‘stonliq tumani “Qo‘shqo‘rg‘on” MFYdagi 75k-konturdan yer ajratilishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, qurilish “GRAND ICE CREAM PLYUS” MChJga ajratib berilgan 73-konturidagi 0,50 ga yer maydonida olib borilgani aniqlangan.

Foto: Toshkent viloyat prokuraturasi

Bundan tashqari, “NUKUS METAN TRANS SERVIS” MChJ va “GRAND ICE CREAM PLYUS” MChJlarning o‘zaro kelishuvi natijasida 27.04.2021 yildagi tuman hokimining qarori bilan “GRAND ICE CREAM PLYUS” MChJdan (ixtiyoriy arizasiga asosan) “NUKUS METAN TRANS SERVIS” MChJ tomonidan qurilgan gaz quyish shoxobchasi joylashgan 0.50 ga yer maydoni zaxiraga qaytarilishiga erishilgan”, deyiladi prokuratura munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, tuman hokimligi tomonidan “NUKUS METAN TRANS SERVIS” MChJga chiqarilgan qarorlarni haqiqiy emas deb topish hamda jamiyat tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish yuzasidan 2021 yil 17 dekabr kuni Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

Shuningdek, prokuratura izohida ayni vaqtda qurilish obektini o‘rganib chiqib, qonuniy baho berish maqsadida, Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Prokuratura izohidan ma’lum bo‘ladiki, holat bo‘yicha jinoyat ishi ham qo‘zg‘atilgan. Kun.uz mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ma’lumot olish uchun Toshkent viloyat prokuraturasi bilan bog‘landi. Viloyat prokuraturasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Bo‘stonliq tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning 205-moddasi 1-qismi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, hokimiyat vakillari tomonidan tadbirkorning gaz quyish shoxobchasiga teginilmagan.

Top