10:56 / 23.12.2021
31726
Putin «G‘arbga qo‘yilgan ultimatum»ni izohladi. U bu ultimatum emasligini aytdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina hududida Amerikaning giperovozli raketalari paydo bo‘lishi mumkinligi va mahalliy ekstremistik to‘dalarga qurol berilayotganidan xavotirda ekanini bildirdi. U AQSh bilan kelishuv loyihasi aynan shu masalalarga qaratilganini ta’kidladi. G‘arbda esa buni Rossiyaning ultimatumi deb qabul qilishmoqda.

«Albatta, Ukrainaga gipertovushli qurollar joylashtirilishi ulardan aniq foydalaniladi, degani emas. Ammo «shunchaki qurollanish» niqobi ostida qo‘shni mamlakatdan ekstremistlarni Rossiyaga yo‘naltirish boshlanib ketadi», dedi Putin Rossiya mudofaa vazirligining an’anaviy yillik kollegiyasida.

SERGEI GUNEYEV/TASS

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vazirligi AQSh bilan kelishuv loyihasi matnini e’lon qilgandi. Rossiya va NATO a’zolari xavfsizligini ko‘zda tutuvchi kelishuv loyihasida Rossiya NATO sharqqa qarab kengaymasligi va Ukraina alyansga qabul qilinmasligi borasida huquqiy kafolat taqdim etilishini so‘ragan. G‘arbda Rossiyaning bu «iltimosi»ni ultimatum deb qabul qilishdi, chunki bayonot Ukraina bilan chegarada Rossiyaning yuz mingga yaqin harbiylari to‘planib turgan bir vaqtda e’lon qilindi. G‘arb bu to‘planishni Rossiyaning Ukrainaga navbatdagi marta bostirib kirishga urinishi, deb baholayapti.

«Bu ultimatummi? Yo‘q, albatta», dedi Putin. Ultimatum haqidagi gaplarni rad etar ekan Putin AQShning Yugoslaviyani o‘qqa tutishi, Iroq va Suriyaga bostirib kirishini eslab, bu harakatlar uchun BMT Xavfsizlik kengashi Amerikaga nisbatan hech qanday sanksiya qo‘llamaganini qayd etdi.

«Hozir ular Ukrainada qilayotgan va qilishga urinayotgan ishlar tupkaning tagida emas, tumshug‘imiz ostida – chegaramizda sodir bo‘lyapti», dedi Rossiya prezidenti. U Rossiya Yevropa Ittifoqi hamda AQSh bilan konstruktiv va samarali muloqot istashini ta’kidladi.

Qurollanishdagi «giperpoyga»

«AQShda gipertovushli qurol yo‘q, lekin qachon bo‘lishini bilamiz. Bu maxfiy ma’lumot emas. Muvaffaqiyatli, muvaffaqiyatsiz sinovlar o‘tkazilmoqda. Shu sabab AQSh qachon bunday qurolga ega bo‘lishini taxmin qilish mumkin», dedi yig‘ilishda Putin.

Gipertovushli qurol ishlab chiqarish AQSh harbiy sanoatining asosiy maqsadlaridan biri. Xususan, qanotli raketa va nishondan qochuvchi «sirpanchiq» o‘q-dorilar ishlab chiqarish ustida ishlanmoqda.

Bu borada AQSh asosiy raqobatchilari Rossiya va Xitoydan ortda qolmoqda, deyish mumkin. Chunki bu ikki davlat allaqachon gipertovushli qurollarni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazib bo‘ldi.

Rossiya «Tsirkon» nomli gipertovushli raketani sinovdan o‘tkazdi. Ular kemalardan ham otib ko‘rildi. Xususan, «Admiral Gorshkov» fregati hamda «Severodvinsk» suv osti kemalaridan yangi raketalar uchirildi.

«Tsirkon» gipertovushli raketasi Oq dengiz akvatoriyasida sinab ko‘rilishi / RUSSIAN MOD/TASS

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, Rossiya armiyasi 2022 yildan «Tsirkon» bilan qurollanishni boshlaydi. Shuningdek, Rossiya «Avangard» nomli nishondan qochuvchi «sirpanchiq» o‘q-dorilarni ham sinovdan o‘tkazdi.

2021 yil oktyabrida Xitoy ham o‘z gipertovushli raketasini sinovdan o‘tkazgani ma’lum. Xitoy bu sinov haqidagi ma’lumotlarni sir tutib, shunchaki kosmik apparat uchirilganini iddao qiladi, biroq AQSh Birlashgan shtablar kengashi raisi Mark Milliga ko‘ra, Xitoy o‘shanda gipertovushli raketa sinov parvozini amalga oshirgan.

Gipertovushli o‘q-dorilarni raketa yoki «sirpanchiq» o‘q-dori deyish mumkin. Ular tovush tezligidan kamida besh marta tez harakat qila oladi. Bunday raketalarni urib tushirish deyarli imkonsiz. Birinchidan, ular juda tez harakatlanadi, raketalarni payqab nishonga olish uchun vaqt kam bo‘ladi. Ikkinchidan, bunday ultra zamonaviy raketalar avtomatik boshqaruv tizimiga ega, ular nishonga olinsa, harakat yo‘nalishini o‘zgartira oladi. Bunday raketalar havo hujumidan himoya tizimlari raketalaridan qochish xususiyatiga ega.

Donbass bilan bog‘liq ayblov

Yig‘ilish davomida Shoyguning aytishicha, Donbassda AQShdagi xususiy harbiy kompaniya zobitlari bo‘lib turibdi va ular kimyoviy komponentlar yordamida provokatsiya uyushtirishga tayyorlanmoqda.

«Donetskdagi Avdeyevka hamda Priazovskaya aholi yashash punktlarida kamida 120 nafar xususiy harbiy kompaniya zobitlari bor. Ular ijtimoiy obektlar va hatto aholi xonadonlarini maxsus qurollar bilan jihozlayotgani ma’lum. Bu harbiylarning vazifasi Ukraina armiyasining maxsus operatsiya bajaruvchi qo‘shinlari hamda radikal to‘dalarini faol harbiy harakatlarga tayyorlashdan iborat.

Provokatsion harakatlarni amalga oshirish uchun Avdeyevka hamda Qizil Liman shaharlariga turli rezervuarlar hamda noma’lum kimyoviy modda olib kelingan», dedi Shoygu.

Pentagon esa bu gaplarni noto‘g‘ri, deb atadi

«Janob Shoyguning bu gaplari yolg‘on», dedi AQSh mudofaa vazirligi rasmiysi Jon Kirbi. U jurnalistlarning kimyoviy moddalar haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga javob berar ekan, AQSh mudofaa vaziri bu borada Shoygu bilan gaplashmagani, uning rejalarini bilmasligini aytdi.

Yumshamayotgan keskinlik

Putin Rossiya harbiylari Ukraina bilan chegarada to‘planayotganini tilga olmadi, lekin u avvalroq o‘tgan TIV yig‘ilishlaridan birida bu haqda gapirgandi. O‘shanda Putin Ukraina bilan chegarada mavjud keskinlikni imkon qadar uzoq saqlab turish kerakligini aytib, «Toki chegaraning narigi tomonidagilar Rossiyaga qarshi qandaydir provokatsiya uyushtirish haqida o‘ylab ham ko‘rmasin», degandi.

1 dekabr kuni bu mavzuga qaytgan Putin NATO sharq tomon kengaymasligi haqida huquqiy kafolat olishga erishishini ham ta’kidlagandi. Biroq AQSh ham, NATO ham bunday kafolat berilmasligini bildirdi.

Rossiya harbiylarining Ukraina chegarasida to‘plana boshlagani haqida noyabr oyi oxirida yoza boshlashdi. Politico nashri Smolenskda harbiy texnikalar to‘plana boshlaganini isbotlovchi suratlarni e’lon qildi. Boshqa nashrlar esa Ukraina chegarasida harbiylar ham to‘plana boshlagani haqida yozishdi.

Bu voqealardan sal avval Ukraina armiyasi ilk marta Turkiyada ishlab chiqarilgan «Bayraktar» dronlaridan Donbassdagi guruhlar bilan to‘qnashuvlarda foydalangandi. Ukraina tomoni dron yordamida dushmanning artilleriya qurilmalari yo‘q qilinganini ma’lum qilgan.

Rossiya harbiylarining Ukraina bilan chegara yaqinida to‘planishi xalqaro maydonda keskinlik keltirib chiqardi. Rossiya va AQSh prezidentlari bu masalada videomuloqot o‘tkazdi. Unda Bayden Ukrainaga bostirib kirsa, Rossiyani keskin iqtisodiy sanksiyalar kutayotganidan ogohlantirdi.

Dekabr oyi boshida Britaniya harbiy shtabi boshlig‘i admiral ser Toni Rudakin esa Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, dunyo ikkinchi jahon urushi davridan buyon ko‘rmagan voqealarga guvoh bo‘lishini aytgandi.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top