07:51 / 08.01.2022
7155
1 yanvardan boshlab ijtimoiy soliq tushumlari qanday taqsimlanayotgani ma’lum bo‘ldi

Prezidentning «2022 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

«2022 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida quyidagilar tasdiqlandi: 2022 yilda ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlari; 2022 yil uchun respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari aylanma kassa mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdorlari; 2022 yil uchun davlat budjeti daromadlari prognozi; foyda solig‘i to‘liqligicha respublika budjetiga yo‘naltiriladigan yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati.
 
2022 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy soliq tushumlari quyidagicha taqsimlanadi:

a) budjet tashkilotlari bo‘yicha: budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga – 99,2 foiz; Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga va Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasiga – 0,4 foiz; O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga – 0,4 foiz;

b) boshqa to‘lovchilar bo‘yicha: budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga – 98,4 foiz; Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga va Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasiga – 0,8 foiz; O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga – 0,8 foiz.
 
Bundan tashqari, 2022 yil uchun quyidagi soliq stavkalari:

a) «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ uchun: foyda solig‘i rentabellik darajasidan kelib chiqqan holda (qarorga 5-ilova); oltin bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 10 foiz va palladiy, kumush, mis bo‘yicha 15 foiz miqdorida belgilandi. Bunda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bazasi ishlov berish (boyitish), qayta ishlash (affinaj) va tashish xarajatlarini chegirmagan holda aniqlanadi; b) «O‘zbekneftgaz» AJ uchun neft, tabiiy gaz va gaz kondensati bo‘yicha 15 foiz miqdorida tasdiqlandi.

Oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig‘im 1 grammiga 1 000 so‘m miqdorida saqlab qolindi.

Jismoniy shaxslarga ular tomonidan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlarida amalga oshirilgan xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to‘lovlar respublika budjeti daromadlari qismida QQSni qaytarishga rejalashtirilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Top