20:25 / 15.01.2022
68829
Shavkat Mirziyoyev mehnat ta’tilidan nega erta qaytgani ma’lum bo‘ldi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 yanvar kuni qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqan edi. Oradan ikki kun o‘tib prezident yana ishga qaytdi.

«O'zbekiston 24» telekanalida efirga ketgan «Menimcha» teleko‘rsatuvida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat yetakchisi nega ta’tilni erta yakunlab, ikki kunda ishga qaytganiga izoh berdi. Asadovning aytishicha, prezident Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar sabab ta’tilni erta yakunlagan.

«Qozog‘istondagi voqealar boshlanishi bilan prezidentimiz uchta davlat rahbari bilan telefonda gaplashib, mintaqadagi vaziyatni muhokama qildilar. Xalqimiz tinchligi va xavfsizligi prezident uchun birinchi o‘rinda turadi va u kishi doim xalqimiz bilan birga. Davlat rahbari ta’tildan erta qaytishlarining sababi Qozog‘istondagi tinchlik tarafdori ekanlaridir», dedi Sherzod Asadov ko‘rsatuvda.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyevning oldingi galdagi mehnat ta’tillari bir hafta davom etgan. Prezident o‘tgan yili yanvar oyida, 2019 yil avgust oyida ta’tilga chiqib, har safar ta’tilni O‘zbekistonda o‘tkazgan.

Top