O‘zbekiston | 17:09 / 16.01.2022
16596
4 daqiqa o‘qiladi

Charmak qatlamalari: u nimasi bilan el orasida mashhur? 

Har bir hududning o‘ziga xos mashhur «brendi» bo‘ladi. Farg‘ona viloyatida Oltiariq tumani uzum va bodringlari, Quva anori bilan dong taratgan. 

Viloyatning O‘zbekiston tumani markazida joylashgan Charmak mahallasi qatlamasi bilan mashhur. Mahallada pishirilgan qatlamalar viloyatning boshqa tumanlarigacha va hatto qo‘shni davlatlarga ham olib ketiladi.

Sakkiz yildan buyon qatlama pishirish bilan shug‘ullanayotgan pensioner Soliyaxon Jo‘raboyeva xonadonida bo‘lib, dovrug‘ qozongan qatlama qanday tayyorlanishi bilan qiziqdik.

«1984 yilda o‘qishni tamomlab tuman markaziy shifoxonasi tug‘ruqxona bo‘limiga hamshira bo‘lib ishga kirganman. Tug‘ruqxonada 35 yil ishladim. Nafaqaga chiqqanimga 3 yil bo‘ldi.  

Tong sahar uyqudan uyg‘onamiz. Ishchilarimiz bor, ular chiqadi, ish boshlaymiz. Soat 10:00-11:00 gacha qatlama pishiramiz. Tayyor bo‘lganini bozorga yetkazib beramiz. Buyurtmalar bo‘yicha to‘y-marosimlarga qatlamalar pishirib beramiz», — deydi Soliyaxon opa.

U bir kunda 120 tagacha qatlama pishirar ekan. Ularning har bir donasi 11 ming so‘mdan sotiladi.

«Hozirda bozorda narx-navo oshib ketdi. Un va yog‘ narxi ko‘tarilgani uchun qatlamalar narxi ham bir muncha oshdi. Bozorda sotuvchi qizimiz bor.

Hamma kasbning ham o‘ziga yarasha qiyinchiligi bo‘ladi. Qiyin bo‘lsa ham ro‘zg‘or uchun, tirikchilik uchun bu ish bilan shug‘ullanamiz», – deydi u.

Soliyaxon Jo‘raboyeva mashhur qatlamaning pishirilish jarayonini ko‘rsatar ekan, tayyor bo‘lgan pishiriq olis manzillarga taksi orqali yetkazib berilishi haqida ham so‘zlab berdi.

«Xuddi nonga xamir qorgandek, xamir tayyorlaymiz. Zuvala qilamiz. Tayyor bo‘lgan xamirni yoyib chiqib, orasiga yog‘ surtamiz. 4-5 qavat qilib o‘rab chiqqanimizdan keyin 5-10 daqiqa tindirib, yasab berishadi. Ana shundan keyin pishirishni boshlayman. Qatlamalar o‘rta olovda pishiriladi.

Qatlamalarimiz uchun Furqat, Beshariq, Uchko‘prik tumanlari, Qo‘qon va Toshkent shahridan ham xaridorlar qidirib kelishadi. Ayrim hollarda qatlamalarni uzoq manzillarga taksilar orqali yetkazib beramiz», – deydi uy bekasi.

Oila bekasi tug‘ruqxonada ishlab yurgan paytlari ham qatlama tayyorlab sotgani haqida so‘zlab berdi.

«Hamshira bo‘lib ishlagan paytimda ishga borib kelib ham dam olmas edim. Ishga boradigan kunim ham tong sahar uchda uyg‘onib soat 11:00-12:00 gacha qatlamani pishirib qo‘yib keyin ishga ketardim. Tug‘ruqxonaga borib u yerda 18 soat ishlab, uyga qaytib yana qatlama pishirardim», — deydi pazanda.

Charmak qatlamalari mazasi boshqa joyda qilingan qatlamalarnikidan tubdan farq qilishini aytishadi.

«Bir necha shogird chiqarganman. Biz ham hamma qatori pishiramiz. Lekin biz pishirgan qatlamalarning mazzasi tamomila boshqacha. Bir marta tanovul qilgan odam yana qaytib kelyapti.

Hozir ikki xil qatlama pishiramiz. Ko‘katli va shakarli qatlamalar», – deydi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, uy sharoitida tayyorlanayotgan qatlamalardan bir kunda 200 ming so‘mgacha sof foyda qolar ekan. Mehnati ham shunga yarasha. Tong sahardan kechgacha davom etadigan jarayonning o‘ziga yarasha mashaqqati bor, albatta.  

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.

Montaj ustasi: Muhiddin Nido.

Mavzuga oid