10:45 / 19.01.2022
15353
Bu noutbukmi yo b/u noutbuk? - «Bir million dasturchi» loyihasi sizlarga trali-vali emas

«Bir million dasturchi» loyihasi doirasida Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga berilgan eski noutbuklar mavzusi rosa muhokamalarga sabab bo‘lib turibdi. Tanlov g‘oliblariga yangi noutbuklar taqdim etilgan bo‘lsa-da, muhokamalar to‘xtagani yo‘q.

Foto: habikatura

Hammasi Nurobod tumanida yashovchi Sardor Sattorovning Telegramdagi chiqishidan so‘ng boshlandi. Videomurojaatida u 41-maktabning 8-sinfida o‘qishi, «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida o‘tkazilgan IT-tanlovning «Full-Stack» yo‘nalishida tuman va viloyat bocqichlarida qatnashib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgani haqida so‘zlab bergan.

«Birinchi darajali diplom o‘rniga 3-darajali diplom yozib qo‘yibmiz, deb uzr so‘rashdi. Uyga kelib noutbukni ochib ko‘rsak, ishlatilgan noutbuk ekan. Orqasida, 2-maktab A.Abdumurodova, deb yozib qo‘yilgan, juda ham eski, ilovalaridagi telegram kanalidan bu noutbuk Jo‘raqulov Sherzod ismli o‘qituvchiga tegishli ekanligini bilib oldim», — deydi u.

«Eskisini berguncha, bitta kitob bilan diplom berib qo‘ysa bo‘lmasmidi. Shunchalik ham nomardlik bo‘ladimi? Bu nima sharmandachilik? Bolamning shashtini sindirdi...», — e’tirozini bildiradi Sardorning bobosi.

Afsuslanarlisi, eski noutbuk faqatgina Sardorga «tushib» qolmagan ekan, tanlovning nurobodlik barcha g‘oliblari shu tarzda «siylangan».

Ha endi birorta nafsi buzuq o‘qituvchi tashkilotchilar ko‘zini shamg‘alat qilib, bilsa hazil, bilmasa chin, qabilida noutbukni almashtirib qo‘ygandir-da, degan gumonga borish mumkin edi.

Jurnalist Husan Karvonli o‘z postlari orqali bu holat «shunchaki anglashilmovchilik» emasligiga oydinlik kiritadi:

«Bu yigitcha Nurobod tumanidagi 15-maktab o‘quvchisi Og‘abek Sobirov. Hamqishlog‘im «Bir million dasturchi» tanlovi tuman bosqichida «Android ilovalar» yo‘nalishida 1-o‘rinni olgan. Inshaalloh, hali millionta noutbukning pulini ishlaydi. Lekin birinchi qatnashgan tanlovida 1-o‘rinni olganida eski noutbuk berishgani hech esidan chiqmasa kerak!»

Demak, anglashiladiki, tanlovning barcha g‘oliblariga eski noutbuklar berilgan va bu ongli ravishda qilingan.

Sardor Sattorovning murojaatidan keyin darrov mutasaddilar tekshiruvni boshlashadi, aybdorlar uzr so‘rab chiqadi, deb o‘ylagandim. Afsuski, ancha sust harakat qilindi. Bu orada Samarqandga borgan bir guruh blogerlar Sardorni topishib, unga yap-yangi noutbuk sovg‘a qilishga ham ulgurishdi...

To‘g‘ri, shu voqealardan so‘ng tuman bosqichida tanlovning uchta yo‘nalishida 1-o‘rinni olgan bolalarga viloyat hokimligi tomonidan yangi noutbuklar berilibdi. Nurobod tumani hokimi o‘rinbosari esa hayfsan bilan qutulibdi. Ammo ikkinchi va uchinchi o‘rinni olgan bolalar-chi?

Jurnalist Husan Karvonli yana yozadi:

«Bo‘ldimi? Tugadimi? Uch yo‘nalishda 1-o‘rinni olgan bolalarga yangi noutbuk berildi. Tuman hokimi o‘rinbosari hayfsan oldi. Tuman XTB shu’ba boshlig‘i ishdan bo‘shatildi. Bo‘ldimi?

Yo‘q! Hali chalasi bor ekan. 2- va 3-o‘rinlarni olgan bolalarga imzo va muhr qo‘yilmagan, imloviy xatolari g‘ij-g‘ij diplom berilgan.

Eng yomoni — ularga berilgan sovg‘alar (planshet va uyali telefonlar) qaytarib olingan!»

Ana shundaylardan biri 40-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Barchinoy Bekmurodova «Front and web dasturchi» yo‘nalishida tumanda 2-o‘rinni olgan.

Keyinchalik oydinlashishicha, Nurobodda o‘tkazilgan tanlovda g‘oliblarga faxriy yorliq va sovg‘alar berilgan. Tuman va shaharlarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar viloyat bosqichida ham taqdirlanishini o‘sha kun bilgan nurobodlik mutasaddilar Samarqand shahrida shoshilinch diplom chiqarishgan, tumandan eski noutbuklar keltirib taqdim etishgan, boshqa g‘oliblarga esa sovg‘alar do‘kondan bir muddat «nasiya»ga olinib, hammaning ko‘z o‘ngida o‘quvchilarga topshirilib, qaytarib olingan.

Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid G‘oziyevning «Yoshlar» telekanali muxbiriga Sardor Sattorovning videomurojaat qilib o‘z haqini talab qilganini oqlamasligi haqida aytgan gaplari hammasidan oshib tushdi.

Bunday nayranglar birgina Nurobodda bo‘lmagan ko‘rinadi.

«Qarshi shahrida hattoki tanlov bo‘ladi, deb o‘quvchilarni yig‘ib, televideniye uchun tasvirga olib, keyin tanlov o‘tkazilmay qaytarib yuborishdi, sovg‘alarni o‘zlari olishganmi?» degan savol qo‘yilgan, «Qashqadaryo hokimi yoki o‘rinbosarlari muammoni o‘rganishga harakat ham qilishmadi» sarlavhali postda o‘tgan yilning 18 dekabrida Qarshi shahrida o‘tkazilgan IT-tanlovidagi yuzakiliklar haqida bong urilgan.

«Bugun maktab o‘quvchilarini Informatika fanidan olimpiadalarga qatnashgan, kompyuter sohasiga qiziqqan o‘quvchilarni «Yosh dasturchilar» tanlovi bo‘ladi deb olib borib «O‘zbekiston 24» kanaliga jonli efir qilib, maqtab ko‘rsatib, keyin esa 18 yoshga to‘lganlar qatnashadi, deyishibdi, vaholanki, maktab o‘quvchilari hali 18ga kirishmagan, keyin kimning noutbuki bo‘lsa, o‘sha qatnashadi, deb alohida xonaga olib kirib, «bizga hokimiyat topshiriq berdi, g‘oliblarni aniqlashimiz kerak, proyektlaringiz bo‘lsa qoldirib ketinglar», deb javob berib yuborishibdi...

Tanlovda (tayyor) kompyuterlar berilmaydimi yoki avvalroq shartlar e’lon qilinmaydimi? O‘g‘lim ketgan vaqtiga achinib (qaytib) keldi. Olimpiadada birinchi o‘rinni olgan o‘quvchilarni hatto oddiy kichkina sovg‘a bilan rag‘batlantirishmadi, nohaqliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ikkinchi qatnashmayman, deb ketishdi o‘quvchilar. Endi esa masxarabozlarcha televideniye uchun tanlov o‘tkazildi deb ko‘rsatib, rasm tushirib, jonli efir qilib yolg‘ondan tanlov o‘tkazildi, deb g‘oliblarni aniqlab, hokimiyat sovg‘asini berishmoqchi emish».

Bu voqeada eng qiziq joyi, ko‘zbo‘yamachilikni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, uni fosh etish o‘rniga mutasaddilarga qo‘shilib xaspo‘shlashga urinayotgan televideniye muxbirlarining xatti-harakatlari «tahsin»ga sazovor.

Muhokamalarda ayrimlar aybni faqat o‘qituvchilarga qo‘ymaslikni ta’kidlashgan.

Samarqandlik jurnalist Abdug‘ofur Sherxolov «Eski noutbuk» voqeasi xalq ta’limi boshqaruvi tizimlarining moliyaviy mustaqil emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidlaydi.

«Bechora o‘qituvchi nima qilsin? Xalq ta’limi muassasalari o‘quvchilari (hatto o‘qituvchilar o‘rtasida ham) o‘rtasida nima ko‘p, tanlov ko‘p? Boshqarma boshliqlari, bo‘lim mudirlari g‘olib va sovrindorlarni rag‘batlantirish masalasida hokimlik, moliya idoralarining «himmati»ga mahtal. Tanlovlarga respublikadan ajratilgan mablag‘lar ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri XTB idoralariga kelib tushmaydi, o‘rtada «qaroqchi»lar bor...», — deb yozadi u.

Yaqinda Telegram kanallarda tarqalgan videoda bir erkak to‘ydan berilgan erkaklar ko‘ylagini ko‘rsatib kuyukkandi. Ro‘molchaday keladigan ko‘ylak, faqat yoqasi bor, xolos. Ammo juda bejirim qog‘oz qutiga joylangan edi. Xalq tilida bunaqa ko‘ylaklar «sarson sarpo» deyiladi. Hech kim kiymaydi, lekin to‘yma-to‘y «yurib» kimningdir ko‘nglini «oladi». Bunga ko‘pchilik taajjublanmaydi, xotinlarning ishida, deb qo‘yaqolamiz. Samarqanddagi yangi qutiga joylangan eski noutbuk ham xuddi shunga o‘xshaydi. Ammo...

Ammo «Bir millionchi dasturchi» («One million uzbek coders») loyihasi «xotinlar ishi» emas, bu davlat ahamiyatiga ega loyiha!

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va IT-Park tomonidan «Dubai Future Foundation» bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bu loyihaga katta mablag‘ tikilgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad juda ulkan: qisqa vaqt ichida minglab, millionlab o‘zbek dasturchilarini yetishtirish va yoshlarning o‘zini o‘zi band qilishlarini ta’minlash, qolaversa, jahonga yuksak intellektual IT-mutaxassislarni yetkazib berish. Bu — qora mehnat bilan emas, aql bilan pul topish degani.

Shunday ekan, hurmatli mutasaddilar, izlanayotgan, g‘oyalarini hayotga tatbiq qilayotgan farzandlarimiz shashtini sindirmaylik. Noutbukka moliyaviy ahvolingiz tanglik qilsa, rostini ayting, otaxon aytganidek, bitta kitob ham beraqoling. Bolalar beg‘ubor, sizni to‘g‘ri tushunishadi. Lekin... qing‘irlikni ham esdan chiqarishmaydi!

Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist

Mavzuga oid
Top