18:33 / 19.01.2022
14202
Oq uy: Rossiya istalgan vaqtda Ukrainaga hujum boshlashi mumkin
Foto: Konstantin Mixalchevskiy/RIA «Novosti»

AQSh rasmiylari Rossiya istalgan daqiqada Ukrainaga hujum qilishga qodir deb hisoblaydi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki aytib o‘tdi.

«Prezident Putin Ukraina chegaralari bo‘ylab 100 ming qo‘shin to‘plash orqali, jumladan, yaqinda qo‘shma mashg‘ulotlar uchun rossiyalik harbiylarni Belarusga yuborish va Ukraina sharqiy chegarasida qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazish bilan ushbu inqirozni yuzaga keltirdi», degan u.

Oq uy vakilining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bir qarorga kelishi kerak: yoki o‘z xatti-harakatlarining iqtisodiy oqibatlariga duchor bo‘ladi yoki vaziyatni hal qilishda diplomatik yo‘ldan boradi.

Psaki, shuningdek, Vashingtonda Rossiya hukumati Ukrainadagi diplomatik missiyalari xodimlarini evakuatsiya qilishga tayyorlanayotgani haqida ma’lumotlar borligini aytdi. Avvalroq The New York Times Rossiya Ukrainadan diplomatlarning oilalarini olib chiqishni boshlagani haqida xabar bergandi. RF TIV esa «Kiyevdagi elchixona shtat rejimida ishlayotgani»ni bildirgan.

  • Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida G‘arbdagi nashrlar bir necha oydan buyon yozib kelmoqda. AQSh Rossiya provokatsiya tayyorlayotgani va harbiy amaliyot boshlash uchun bahona qidirayotganidan xavotirda.
  • Moskva bu gumonlarni rad etadi. Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov Rossiya harbiylarini Ukraina chegarasi yaqinida joylashtirishi NATOning Rossiya chegaralariga yaqinlashuvi tufayli yuzaga kelgan vaziyat bilan bog‘liqligini aytgan.
  • Bosqin baribir ro‘y beradigan bo‘lsa, AQSh va Yevroittifoq Rossiyaga navbatdagi og‘ir sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilgan. Yanvar oyida AQSh kongressiga shunday cheklovlar bo‘yicha bir necha qonun loyihasi kiritilgan. Xususan, ular prezident Vladimir Putin va Rossiya rahbariyatining yuqori martabali amaldorlariga personal cheklovlarni nazarda tutadi.
Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top