O‘zbekiston | 21:10 / 20.01.2022
89534
2 daqiqa o‘qiladi

Ta’lim muassasalari onlayn ta’limga o‘tkazilishi kutilmoqda - manba

Maktablar va oliy ta’lim muassasalarida o‘qish yana masofadan bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

24 yanvardan O‘zbekistondagi barcha ta’lim muassasalarida darslar bir oy muddatga onlayn formatga o‘tkaziladi. Bu haqda hukumatdagi manba Kun.uz'ga xabar berdi. 

Manba xabariga ko‘ra, 21 yanvar kuni shu masalada hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazilishi kutilmoqda. Uning yakunlariga ko‘ra, Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarorlari e’lon qilinadi.

Katta ehtimol bilan bu O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat yomonlashayotgani bilan bog‘liq – so‘nggi kunlarda kasallik tarqalishi tezlashgan, 19 yanvar kuni 1300dan ortiq kasallanish holati qayd etilgan. 2020 yilda ham koronavirus pandemiyasi tufayli o‘qish onlayn formatda bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til 25 dekabrdan boshlangandi. Ta’til 2022 yilning 10 yanvarigacha davom etishi va dars jarayonlari 11 yanvardan boshlanishi belgilangandi. Keyinroq oliy ta’lim muassasalarining talabalari, akademik litsey va hunar maktablari o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 24 yanvargacha uzaytirildi. Bunga sabab qilib rektorlar, prorektorlar, dekanlar va moliya masalalariga mas’ullar uchun o‘z kasbiy mahoratini oshirish, yangicha tartibda ishlashni boshlash maqsadida 2022 yil 10–24 yanvar kunlari amaliy seminar-treninglar tashkil etilishi ko‘rsatilgandi.

Biroz avvalroq Oliy ta’lim vazirligi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida qishki ta’tildan keyingi o‘qish onlayn shaklda bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlarni rad etgandi va bu borada faqat Respublika maxsus komissiyasi qaror qilishini eslatgandi.

Mavzuga oid