18:45 / 21.01.2022
38603
Tomsk fojiasiga 2 yil: dahshatli tunning so‘nmagan olovi

Roppa-rosa ikki yil oldin Rossiyaning Tomsk oblastida 11 nafar o‘zbekistonlik yong‘inda halok bo‘lgandi. Ularning aksari hali o‘ttizga ham kirmagandi. Qismat achchiq ekan: ular yog‘och tayyorlash bazasida ishlashdi, yog‘och uyda yashashdi... va ketganlariga uch oy to‘lmasdan jasadlari yog‘och tobutda vatanga olib kelindi...

Bundan ikki yil oldin – 2020 yilning 21 yanvariga o‘tar kechasi Rossiyaning Tomsk viloyati Asino tumanidagi bir qavatli yog‘och uyda yong‘in sodir bo‘lgandi. Buning oqibatida 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi.

Ulardan biri Andijon viloyatining Andijon tumanidan, yana biri Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidan va qolgan 9 nafari Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidan edi.

Halok bo‘lganlarning aksariyati hali 30 yoshga ham to‘lmagan yosh yigitlar edi.

Afsuski, tilsiz olov ularning orzularini ham, o‘zlarini ham yoqib, kul qildi. Yonib ketgan uyda jami 14 kishi yashagan, ularning barchasi “Green Wood” yog‘och tayyorlash korxonasida ishlagan. Mash’um voqeadan keyin prezident ko‘rsatmasiga ko‘ra hukumat komissiyasi tuzilib, halok bo‘lganlarning jasadi oradan 5 kun o‘tib – 26 yanvar kuni O‘zbekistonga olib kelingan edi.

Foto: Rossiya tergov qo‘mitasi
Foto: Rossiya tergov qo‘mitasi
Foto: Rossiya tergov qo‘mitasi

Voqeaga 2 yil to‘ldi. Kun.uz jurnalistlari bu fojiada halok bo‘lgan qiziltepaliklarning xonadonida bo‘lib, marhumlarning yaqinlari bilan suhbatlashdi, dahshatli tunning guvohi – yong‘inda tirik qolgan 2 kishining biri Mirzohid Norovning mungli xotiralari va armonlarini tingladi.

“Bolamdan kechirim so‘radim, sharoitimiz yaxshi bo‘lsa, u Rossiyaga ketmasdi...”

Xurshida Mo‘minova

Halok bo‘lganlarning eng yoshi Shahzod Murtazoyev bo‘lib, u o‘shanda endigina 21 yoshni qarshilagan edi. Farzand dog‘i og‘ir, albatta. Shahzodning onasi Xurshida Mo‘minova farzandi haqida shunday xotirlaydi:

O‘g‘lim Shahzod Murtazoyev 1999 yil 24 dekabr kuni tug‘ilgandi. Juda aqlli bola edi, o‘rtoqlaridan ajralib turardi. Hammaning mehrini qozongandi. Haydovchilik guvohnomasini olib kelgan kuni Rossiyaga ketishini aytdi. 2019 yil 3 noyabr kuni edi. Yigirma yoshga ham to‘lmagandi o‘shanda...

Ketaman, deb turib oldi. Ketdi. Rossiyaga borgach har kuni qo‘ng‘iroq qilib, meni yaxshi ko‘rishini aytardi. “Onajon, sizni yaxshi ko‘raman”, deyishdan charchamasdi. Orzulari ko‘p edi, institutga o‘qishga kirishni niyat qilardi. Mana, ikki yil bo‘lgan bo‘lsa ham baribir sog‘inarkan odam. Bolamni juda sog‘inyapman. Erta-yu kech tinimsiz o‘ylayman, xayolimdan ketmaydi sira.

Voqeani hech kim aytmadi o‘sha kuni menga, kechqurun eshitdim. Keyin prokuraturadan kelib, shunaqa voqea bo‘libdi, deyishdi. Bu xabar yolg‘on bo‘lishini kechasi bilan iltijo qilib chiqdim. Ammo rost bo‘lib chiqdi. Qolgan narsalarni eslay olmayman. Jasadini olib kelgan kunlari ham faqat kechirim so‘radim bolamdan.

Sharoitimiz yaxshi bo‘lsa, bolam Rossiyaga ketmasdi. Bunaqa bo‘lishini hech ham istamagandim”.

“Hozir ham ko‘zim yo‘lda...”

Mavluda Norova

Tomskda yonib ketgan yigitlarning yana biri – Temur Elmurodov. U ham ayni tog‘ni ursa tolqon qiladigan yoshda edi. Afsuski, o‘sha mudhish tunda yorug‘ olamni erta tark etdi. Temurning onasi Mavluda Norova hamon o‘g‘lining eshikdan kirib kelishini kutib yashamoqda.

O‘g‘lim Temurbek maktabda a’lo baholarga o‘qigandi. Ota-onaga umuman ozori yo‘q edi. Maktabni bitirgach, kollejda o‘qidi. Ro‘zg‘orga biroz qiynalganim uchun ishlash uchun Rossiyaga jo‘natib yuborgandim. Yaxshi ishlab yurgandi. Har ikki kunga qo‘ng‘iroqlashib turardik.

O‘sha fojia sodir bo‘lgan kuni ishdan kelsam, mahalladagilar katta o‘g‘limga aytgan ekan. Mening xabarim yo‘q edi bundan. Rossiyada ishlab yurgan qizim qo‘ng‘iroq qilib, boshimizga musibat tushganini aytdi. Eshitgach, hushimdan ketib qolganman. Farzandimni to olib kelguncha hech narsani bilmay yotganman.

Oxirgi manzilga kuzatish paytida birgina tobutiga ko‘zim tushdi. Hozir ham ko‘zim yo‘lda, farzandim eshikdan kirib kelishini istab o‘tiribman. Qancha orzu-niyatlar qilgandim, to‘yi uchun sarpolar tayyorlab qo‘ygandim”, – deydi Mavluda Norova.

Bir oilaga ikki musibat

Fojia oqibatida kimdir o‘g‘lidan, kimdir aka yoki ukasidan ayrildi. Ammo bir oilaning g‘ussasi yanada og‘irroq edi. Sababi, bu oiladan bir kunda ikki tobut ko‘tarilgandi. Halok bo‘lganlar orasida ota-o‘g‘il Mehriddin Norov va Ramziddin G‘aybulloyev ham bor edi. Ota 54 yoshda, o‘g‘il esa 22 bahorni qarshilagandi.

Rahmiddin G‘aybulloyev

Ramziddinning akasi Rahmiddin G‘aybulloyev oila bu musibatni ko‘tarishi juda og‘ir bo‘lganini ta’kidlaydi:

Bir kunda ham ota, ham ukadan ayrilish juda og‘ir vaziyat. Bunday holat hech kimning boshiga tushmasligini xohlayman. Otam va ukam ishlash maqsadida Rossiyaga ketishgandi. Otam juda mehr-oqibatli, farzandlarini yaxshi ko‘radigan inson edi. Ukam esa samimiy, ochiqko‘ngil, jo‘shqin bola edi. Men ularning vafot etishini tasavvurimga ham sig‘dirolmaganman.

Ukam bilan tengdosh katta bo‘lganmiz. Maktabga ham birga borib kelardik. Hayot to‘xtab qolmas ekan, davom etaverarkan. Faqat ularning ortidan duoda bo‘lishimiz kerak. Tog‘imizdan, qanotlarimizdan ajralib qolgandik. Bu musibatni so‘z bilan tushuntirib, yurakdagi narsalarning hammasini chiqarib bo‘lmaydi”.

Farzand dog‘i – og‘ir sinov...

Har qanday dardning davosi vaqt, deyishadi. Ammo farzand dog‘ini ortda qolgan ikki yil onalarning yuragidan arita olmadi. Ularning ayrimlari jigargo‘shasi hali ham tirik ekaniga ishonadi. Sababi halok bo‘lganlarning jasadi raqamlangan tobutlarda olib kelingan, ammo onalarga ochib ko‘rsatilmagan edi.

O‘sha kuni mahallamizda orasi 15-20 minutdan bir kunda 6ta tobut ko‘tarildi. Ularning oxirati obod bo‘lsin. Farzandlarimiz hamisha bizlarning qalbimizda. Bolalarimizning jasadi raqamlangan tobutlarda olib kelindi. Lekin tobutda farzandim borligini ko‘rganim yo‘q, ko‘zim ko‘ziga tushmadi. Men ularni hech qachon vafot etgan, deb hisoblamayman. Balki farzandlarimiz qayerlardadir tirik yurgandir. Agar shunday bo‘lsa, Alloh o‘z panohida asrasin, mushkullarini oson qilsin”, – deya ta’kidlaydi Mavluda Norova.

“To‘g‘risini aytsam, yashash uchun yaroqsiz bino edi...”

Mirzohid Norov

Qiziltepalik ikki yigit fojiadan omon qolishgan. Dahshatli voqeaning guvohi bo‘lgan Mirzohid Norovning ta’kidlashicha, qurilganiga 60-70 yil bo‘lgan yog‘och bino yashash uchun xavfsizlik talablariga umuman javob bermagan. Buning ustiga, binoning derazalariga temir panjaralar o‘rnatilgan va kirib-chiqish joyi yagona eshik bo‘lgan.

U bino aslida kutubxona bo‘lgan. To‘g‘risini aytsam, yashash uchun yaroqsiz bino edi, kirib-chiqish uchun bitta eshik, qolgan barcha derazalariga qamoqxonadagi kabi derazalariga panjara o‘rnatilgandi. Taqdir ekan-da, peshonamizda bor ekan shu narsa.

Voqea bo‘lmasidan oldin biz 3 kishi boshqa joyda ishlab yurgandik. Bazada xomashyo yo‘qligi uchun bizga bir hafta dam olish berilgandi. O‘sha kuni jiyanim biz tomonga kelinglar, ish yaxshi bo‘lyapti, kuniga 1500 rubldan beryapti, deb telefon qildi. Bordik. Ikki kun ishladik. Uchinchi kuni shu fojia sodir bo‘ldi.

U voqealarni eslashga yuragim bardosh bermaydi. O‘shandan beri bir soatgina tinch uxlasam shukr deyman: uxlasam ham ko‘zimning oldidan ketmaydi ular. Hech insonning boshiga bunday musibat tushmasin”, – deydi Mirzohid Norov.

Yog‘och uy yondi. Yog‘ochni qayta ishlovchi “Green Wood” korxonasi direktori Sun Anni sud hukmi bilan to‘rt yil manzil-koloniyada jazo o‘taydigan bo‘ldi. Lekin bu yaqinlaridan ayrilgan insonlar qalbiga taskin berarmikan?! Albatta, yo‘q.

Oradan ikki yil o‘tib, qurbonlarning oilalaridan xabar olar ekanmiz, ularning ayrimlari hamon e’tibor va ko‘makka muhtoj, ishsiz ekanining guvohi bo‘ldik. Mahalliy hokimlik bu borada ularga yordam qo‘lini cho‘zadi, degan umiddamiz.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri.
Operator va montajchi – Faxriddin Hotamov.

Mavzu
Migrantlar fojiasi
Xorijda mehnat qiluvchi o‘zbekistonliklar turli baxsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lishi holatlari davom etmoqda
Barchasi
Top