O‘zbekiston | 19:34 / 22.01.2022
17356
4 daqiqa o‘qiladi

Asaka tumanida maktab direktorlaridan ishsizlarni ishga joylash talab qilindi

Tuman hokimligi bergan topshiriq asosida, maktablar joylashgan mahallalardagi 5-6 nafardan ishsizlarni ish bilan ta’minlash maktab direktorlari zimmasiga yuklangan.

Andijon viloyati Asaka tumanidagi maktab direktoridan biri Kun.uz'ga murojaat qilib, tuman hokimligi unga o‘z xizmat vazifalariga kirmaydigan vazifa yuklayotganini ma’lum qildi.

U shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan aytishicha, tuman hokimligi maktab direktorlaridan maktab joylashgan mahalladagi 5-6 nafardan ishsiz fuqaroni ish bilan ta’minlashni talab qilyapti.

Direktorning aytishicha, tuman xalq ta’limi bo‘limida o‘tkazilgan majlisda ishga joylashtiriladigan fuqarolar ro‘yxati taqdim etilgan. Mazkur ma’lumotni Asaka tumanidagi yana ikkita maktab direktori Kun.uz bilan suhbatda tasdiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, ro‘yxatdagi fuqarolarning aksariyatining yo mutaxassisligi yo‘q, yoki mutaxassisligi ta’lim tizimiga to‘g‘ri kelmaydi, shunday bo‘lsa-da, maktab direktorlari ularni ishlab chiqarish korxonalariga joylashtirib, buyruqlarini XTBga olib borib berishi topshirilgan.

“Ro‘yxatdagilarning ayrimlari ishlashni ham xohlashmaydi. Yosh yoki ta’lim sohasiga aloqasi bo‘lsa edi, vakant joyimiz bo‘lsa, olardik ishga. Lekin unday emas-da. Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazining vazifasi emasmi bu”, – deydi direktorlardan biri.

Direktorlarga berilgan ro‘yxatda 68 nafar fuqaro MFY va maktablar kesimida joylashtirilgan. Ayrim maktablarga ishga joylashtirilishi kerak bo‘lgan 5-6 nafargacha fuqaro to‘g‘ri kelgan. Jumladan, 3-, 7-, 13-, 53- va 55-maktablar ham shunday topshiriqlarni olgan.

Tuman XTB mudiri Nodir Kamolov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda mazkur ma’lumotni tasdiqlamadi ham, inkor ham etmadi; shu bilan birga, bu masalani yoritmaslikni so‘radi. Xuddi shunday, tuman hokimi Mansurbek Alixonov ham muxbir bilan telefon orqali suhbatda bu mavzuni olib chiqish shart emasligini aytdi.

Hokim murojaat kimdan bo‘lganiga qiziqdi. Direktorlardan murojaat tushgani aytilgach, ishsizlarni bu yo‘l bilan ishga joylashtirishni noto‘g‘ri deb hisoblab bo‘lmasligini tushuntira boshladi.

“Nima, bitta tashkilotning rahbari bo‘lib, bitta yoshga, bitta mahalladoshingga foydasi tegsa, yomonmi? Bir yilda nechta yosh bitiradi maktabni?” dedi hokim.

Demak, topshiriq siz tomoningizdan berilganmi, degan savolga Mansurbek Alixonov rad javobini berdi.

“Yo‘q, birinchidan noto‘g‘ri, men shunchaki tushuntirmoqchiman, bir yilda 3,5–3 ming atrofida yoshlar maktabni bitiradi. Shundan 500-800 tasi oliy ta’limga kiradi, to‘g‘rimi? 2500 ta yosh yana bekorchi degani-da, to‘g‘rimi?

[...] O‘qituvchilarga unaqa topshiriq berilmagan. Tumanning boshqa tashkilotlari, sektor rahbarlari, o‘rinbosarlar, hokim yordamchilari – shularga topshiriq berilgan. Ishga joylash ularning vazifasi”, – dedi Alixonov.

Eslatib o‘tamiz, Mansurbek Alixonov 18 yanvar kuni 2 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ sarfiga doir farmoyish imzolagan, unda tuman maktablari holatini yaxshilashga hech qanday mablag‘ ajratilmay, asosiy e’tibor hokimlikka qarashli tashkilotlar binolarni ta’mirlashga qaratilgandi.

Dekabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Alixonovning ayol fuqaro bilan mensimasdan gaplashgani videosi tarqalgan, buning ortidan hokimga emas, bu jarayonni internetda onlayn uzatgan hokimlik xodimiga chora ko‘rilgandi.

Mavzuga oid