10:00 / 27.01.2022
45595

53 million so‘mlik «Malibu» – Shaxmat federatsiyasining ayrim moliyaviy operatsiyalari haqida

Shaxmat federatsiyasi balansidagi «Malibu» avtomashinasi 53 mln so‘mga sotilgan. Uni sotib olgan MChJ direktori – federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Husan Turdialiyev.

Fotokollaj: Kun.uz

Kun.uz o‘z ixtiyoridagi ma’lumotlarga tayanib O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining moliyaviy faoliyatiga aloqador masalalarni o‘rgandi. A’zolik badali va homiylik mablag‘lari hisobiga faoliyat yurituvchi tashkilotning ayrim moliyaviy operatsiyalari e’tiborni tortdi.

O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi

53 million so‘mga sotilgan «Malibu»

Federatsiya o‘z ixtiyoridagi 2015 yilda ishlab chiqarilgan «Malibu» rusumli avtotransport vositasini 2021 yil yanvar oyida «Markaziy shaxmat klubi» MChJga 53,5 million so‘mga sotgan.

Shaxmat federatsiyasining tasdiqlashicha, «Malibu» «Markaziy shaxmat klubi» MChJga oldi-sotdi shartnomasi asosida sotilgan. Federatsiya bu narx amaldagi qonunchilikka asosan hisoblangan amortizatsiya ajratmasi hamda O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi qarori asosida belgilanganini ma’lum qildi.

«O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi NNT bo‘lgani sababli o‘z faoliyatini qonunchilikka asosan mustaqil amalga oshirilishi sabab, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining saylangan va mustaqil faoliyat olib boradigan taftish komissiyasi tomonidan o‘rganilib tegishli xulosalar berilgan va yuqoridagi narxga baholangan», deyiladi federatsiya izohida.

Masalaning ikki jihati oldi-sotdini rasmiylashtirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi ehtimoli borligini ko‘rsatmoqda.

Birinchidan, federatsiya mulki o‘rtacha bozor narxi (taxminan 150 million so‘m)dan qariyb 3 barobar arzonga sotilgan.

Ikkinchidan, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Markaziy shaxmat klubi» MChJ direktori Husan Turdialiyev bir vaqtning o‘zida jamoatchilik asosida Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlaydi. «Malibu»ni sotib olgan MChJ ta’sischilaridan biri Jahongir Kamolov esa Shaxmat federatsiyasining IT-menejyeri hisoblanadi.

Federatsiya «Markaziy Shaxmat Klubi» MChJga qariyb 1,8 milliard so‘m bergan

Yana bir holat. Shaxmat federatsiyasi 2021 yil 12 yanvarida 1,76 mlrd so‘m va 14 yanvarida 100 mln so‘m, jami 1,86 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘larni yana o‘sha «Markaziy Shaxmat Klubi» MChJga o‘tkazib bergan.

Holatga izoh bergan O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi ushbu mablag‘lar shaxmatni rivojlantirishga doir prezident qarori qabul qilinishi bilan federatsiyaga yuklatilgan qo‘shimcha vazifalarni bajarish uchun ajratilganini bildirdi.

«Murojaatda keltirilgan mablag‘lar PQ-4954 sonli prezident qarori qabul qilinishi va ushbu qaror bilan federatsiyaga qo‘shimcha vazifalar hamda yuklamalar berilishi munosabati bilan shaxmat federatsiyasi o‘zining ayrim vazifalarini o‘z ta’sisligidagi MChJga o‘tkazgan va ushbu vazifalarni bajarish uchun Ijroiya qo‘mita qarori bilan tegishli mablag‘larni o‘tkazib bergan.

Ushbu mablag‘lar na qaytarish sharti bilan va na beg‘araz asosda berilgan. Ushbu summa aniq vazifalarni amalga oshirish hamda shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish uchun qat’iy nazorat ostida berilgan», deyiladi federatsiya Kun.uz'ga taqdim qilgan javobda.

Quyida federatsiya ma’lumotlari asosida «Markaziy Shaxmat Klubi» MChJga o‘tkazib berilgan 2 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar nimalarga sarflangani bo‘yicha ayrim ma’lumotlar keltiriladi:

  • bolalar uchun shaxmatdan video darslarni tasvirga olish va tayyorlash xizmatlari uchun fuqaro T.S.ning plastik kartasiga 525 million so‘m;
  • «Central chess klub» dasturini ishlab chiqqani uchun yana bir fuqaroning plastik kartasiga 250 million so‘m;
  • T.Turdialiyevaning plastik kartasiga dizaynerlik xizmatlari uchun 11 million 370 ming so‘m (T.Turdialiyeva Husan Turdialiyevning qizi bo‘ladi);
  • Lenovo Ideapad 3 (Intel i5/DDR4 8GB, HDD 1000 GB + SSD 128 GB/ 15,6 FFHD TN/ 2GB GeForce MX330) noutbuklaridan 3 donasi, QQSni ham qo‘shib hisoblaganda 44,4 million so‘mga sotib olingan (ushbu noutbuklarning taxminiy bozor narxi 7 million so‘m atrofida);
  • 1000 varaqqa yaqin FIDE (Xalqaro shaxmat federatsiyasi) qoidalari, turli hujjatlar, xatlar va bayonnomalar, yil davomida tashkil qilingan turnir nizomlarining tarjimasi uchun 71,9 million so‘m;
  • Klub binosini ta’mirlash uchun fuqaro O.A.ning plastik kartasiga jami 98,8 million so‘m o‘tkazib berilgan.

O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi bosh kotibi Sunnatullo Bozorboyev moliyaviy operatsiyalarga qo‘shimcha izoh berdi.

«Malibu» avtomobili «Markaziy shaxmat klubi»ga sotilgan vaqtda bu tashkilot federatsiya qoshida bo‘lgan. Shu sababli tashkilot taftish komissiyasi xulosasida – 53,5 million so‘mga «Malibu» sotish mumkinligi aytilgan. Keyinchalik, «Markaziy shaxmat klubi» alohida MChJ bo‘lib ajralib chiqqan bo‘lsa-da, federatsiya tarkibida bo‘lgan vaqtidagi rahbari – Husan Turdialiyev ko‘p yillik tajribasi inobatga olinib, ushbu lavozimda ham qoldirilgan.

«Markaziy shaxmat klubi» MChJga sotilgan avtomobil ayni vaqtda federatsiya binosida turibdi, uni hech kim shaxsiy maqsadlarda ishlatmayapti. Agar, «Malibu» boshqa maqsadlarda ishlatilsa yoki kimgadir sotib yuborilsa, biz uni qaytarib olamiz.

Mablag‘lar borasida. Federatsiyada bor-yo‘g‘i 8 nafar xodim ishlaydi. Rais va uning o‘rinbosarlari esa jamoatchilik asosida, mablag‘ olmasdan faoliyat yuritadi. Ularning asosiy boshqa ish joylari bor. Katta turnirlarni tashkil qilish va o‘zimizga yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarishga imkonimiz yetmagani uchun «Markaziy shaxmat klubi» MChJ tashkil etilgan hamda bu tashkilotga aniq vazifalarni bajarish uchun qat’iy nazorat ostida mablag‘lar berilgan», dedi Sunnatullo Bozorboyev.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top