07:34 / 18.02.2022
4579
100 mingdan ortiq aholidan kommunal to‘lovlari uchun ortiqcha undirilgan 8 mlrd so‘m qaytarildi
Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda 100 mingdan ziyod aholidan ortiqcha olingan 8 mlrd so‘mlik kommunal to‘lovlar qayta hisob qilindi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mita raisi o‘rinbosari Bekzod Ummatov ma’lum qildi.

Bildirilishicha, tabiiy monopoliya sub’yektlarining shartnomalari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi va raqobat hamda iste’molchilar huquqlari himoya qilinishi bo‘yicha to‘liq muvofiqlashtirildi. Ommaviy shartnomalar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan kelishilishi tizimi yo‘lga qo‘yildi.

“100 mingdan ortiq aholidan ortiqcha olingan 8 mlrd so‘mlik kommunal to‘lovlar aholi foydasiga qayta hisob qilindi.

Xususan, mingdan ortiq oilaviy korxonalarga tariflarni oshirib qo‘llash natijasida 1,5 mlrd so‘m qaytarildi, mazkur mablag‘larni o‘z tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirish imkoni yaratildi”, deydi Bekzod Ummatov.

Qayd etilishicha, birgina Toshkent shahrida joylashgan ko‘p qavatli uy qurilishi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkordan asossiz ravishda elektr energiyasi uchun undirilgan 1,7 mlrd so‘m tadbirkorga qaytarilgan. 

Temiryo‘l xizmatlarini ko‘rsatishda imtiyozlarni qo‘llamaslik hamda qo‘shimcha xizmatlarni tiqishtirish holatlari bartaraf etilishi natijasida 300 mln so‘m mablag‘ tadbirkorlar foydasiga hal qilingan.

Avvalroq, O‘zbekistonda mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan 976 ta hamda davlat organlarining 374 ta hujjatlari raqobatga zid ekani aniqlangani xabar qilingandi

Top