09:52 / 18.02.2022
11279

Prezident sovg‘asini qo‘lga kiritgan farg‘onalik kitobxon o‘smir

Muhammadfozil Ismoilov Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 50-maktabning 9-sinfida tahsil oladi. 2021 yilda «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Muhammadfozilga prezident sovg‘asi «Spark» avtomobili topshirilgan.

Muhammadfozilning onasi Mukammalxon Muqimjonova 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tarix fanidan dars beradi. U ham ota, ham ona bo‘lib ikki o‘g‘liga mehr berib tarbiyalamoqda.

Muhammadfozilning akasi Kamronbek ham shu yilning 6-7 fevral kunlari «Yosh kitobxon» Respublika tanlovining Farg‘ona viloyati bosqichida 15–19 yosh toifasida ishtirok etib g‘olib bo‘ldi.

Muhammadfozil Ismoilovlar xonadonida oilaviy bog‘cha ham tashkil qilingan.

Muhammadfozilning birinchi o‘qigan kitobi o‘zbek xalq ertaklari turkumiga kiruvchi «Uchar gilam» bo‘lgan ekan.

«Kitobga bo‘lgan qiziqishim 1-sinfga chiqmasimdanoq uyg‘ongan. Bunga onam sabab bo‘lgan. Chunki onam menga alifbo kitobini yod oldirgan. Maktabga chiqishim bilanoq kitoblarni tez o‘qib tugatishni boshladim. Savodim erta chiqqanidan onam qatori ustozlarim ham birdek xursand bo‘lishdi. Shundan keyin onam meni kutubxonaga olib bordi va menga o‘zbek xalq ertaklari turkumidan «Uchar gilam» kitobini sovg‘a qildi.

Bu kitobni haligacha e’zozlayman. Chunki mening kitobxonlik sari yo‘l olishimda ilk tamal toshini qo‘yib bergan, tarozi pallasi bir tomonini og‘ir qilib bosib bergan kitob aynan shu ertak kitobi bo‘ldi.

Qay bir o‘quvchi bizning maktab kutubxonasiga kiradigan bo‘lsa, albatta shu kitobni qo‘liga tutqazaman: «Izlanmang, mana shu kitobni o‘qing, u yog‘i ertaklardan boshlab qolgan adabiyotlarga bo‘lgan qiziqishingiz ortadi», deb maslahat beraman», — deydi u.

Muhammadfozil Ismoilov «Yosh kitobxon» tanlovi unga ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilgani, aynan shu tanlov tufayli adabiyotga mehr qo‘yganini ta’kidladi.

«Yosh kitobxon ko‘rik-tanloviga ilk bor 2018-2019 yillarda qatnashganman. Aynan shu yildan boshlab tanlovda ishtirok eta boshladim. 2018 yilda viloyat bosqichigacha yetib bordim va unda 2-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Onam va akamning qayta-qayta menga dalda berganlari ortidan natijamni yaxshilash maqsadida keyingi yili ham qatnashishni boshladim.

Keyingi yilda respublika bosqichigacha bordim. Respublikada faxrli o‘rinni olib qaytganimdan keyin o‘zimga xulosa chiqardim. Kitobni sovrin uchun emas. Balki o‘zimizga kerak bo‘lgan ma’lumotlarni olib miyamizda saqlay olishni bilsak bu biz uchun katta boylik ekanini anglab yetdim.

Nihoyat, onajonimning duolari sabab tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdim. Aynan bu safargi respublika bosqichi o‘tgan tanlovlardan ko‘ra ancha shiddatli bo‘ldi. Asosiysi, o‘zimda bo‘lgan barcha bilimlarimni sahnada hayajon bosmay, fikrimni yo‘qotib qo‘ymasdan tafakkur qobiliyatimni ishga solib qolganlarga yetkazib bera oldim. O‘z darajamni imkon qadar ko‘rsata oldim.

Oliy sovrin — «Spark» avtomashinasiga keladigan bo‘lsak, prezidentimizga men shu o‘rinda katta rahmat aytmoqchiman. Yosh kitobxon tanlovi aynan menga ibrat maktabi bo‘lib xizmat qildi. Inson uchun eng katta boylik olgan bilimingiz kelajakda albatta o‘zingizga asqatishi ekan. Chunki aynan shu tanlov bahona men adabiyot faniga mehr qo‘ydim. Ko‘p adiblarning nomini yod oldim.

Yosh kitobxon ko‘rik-tanlovi hayotimda o‘chmas iz qoldirdi. Yosh kitobxonlarga maslahatim, kitobni o‘qiyapsizmi, uni tushunib o‘qishingizni tavsiya qilaman. Qahramonlar bilan birgalikda harakatlaning. Ular o‘tirsa o‘tiring, tursa turing. Qahramonlar bilan birgalikda fikrlang, o‘rtoqlashing. Ular bilan birga yashang. Personajlar hayotini muhokama qilmang. Ularning ichida bo‘ling. Ana shundagina kitobning haqiqiy mutolaasi ichiga kirib borasiz. Chunki muallif asar yozishidan albatta bir maqsadi bor. Siz o‘sha maqsadni anglab yetishingiz kerak», — deydi u.

Muhammadfozil Yosh kitobxon tanlovining Respublika bosqichida g‘olib bo‘lgandan so‘ng mahalla bolalari orasida tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar ko‘payib ketgan. Uning qo‘lga kiritgan yutug‘i sabab mahallada kichik bir kutubxona tashkil qilingan.

«Ayni paytda ham to‘xtab qolayotganim yo‘q. Tanlovda g‘olib bo‘lganimdan keyin mahallamda tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar juda ham ko‘payib ketdi. Bundan xursand bo‘ldim. Uyimizga o‘quvchilar oqimi kelishni boshladi. Men ularga imkon qadar yordam berdim. Ularga tajribasini oshirish uchun o‘zimning maslahatlarimni berdim.

Haligacha uyimizdan o‘quvchilarning keti uzilmaydi. Haligacha yosh o‘quvchilar kitoblarimizni olishyapti. O‘quvchilar doimo oldinga intilishdan charchamasliklarini xohlayman.

Aynan shu ko‘rik-tanlov sabab tumanimizning o‘zida ming kishidan ortiq o‘quvchilar yig‘ilib yosh kitobxon ko‘rik tanlovining debatlarini o‘tkazishni taklif qilishdi.

O‘tgan yil hisobiga ko‘ra, tanlovda ishtirok etish uchun 3 million 400 ming nafar yosh ariza bergan bo‘lsa, bu yil ko‘rik-tanlovda ishtirok etuvchilar soni 4 milliondan oshib ketdi.

Mahallamizda kichik bir kutubxona tashkil qildik. Men bu kutubxonaga o‘z kitoblarimni olib borib berdim. Ajab emas, yana tanlovning navbatdagi g‘oliblari yetishib chiqadigan bo‘lsa.

Yosh kitobxon ko‘rik-tanlovida ishtirok etmoqchi bo‘lganlarga shuni maslahat bergan bo‘lardimki, muhimi – ota-onangiz duosi, olayotgan bilimingiz doimo mustahkam bo‘lishiga ishonchingiz va o‘zingizning darajangizni ko‘rsata olishingiz hamda hayajonga yengilmasligingiz. Mana shu narsalarni ko‘zda tutgan har bir kitobxon o‘ylashimcha g‘alaba sari dadil odimlaydi. Mag‘lubiyat insonni tarbiyalar ekan, inson doimo oldinga intilishdan to‘xtab qolmasligi kerak», — deydi yosh kitobxon.

16 yoshli kitobxon ota-onalarning bee’tiborligi sabab yoshlar telefonga berilib kitob o‘qimay qo‘ygan deb hisoblaydi.

«Yoshlar orasida kitob mutolaa qilish darajasi pasayib ketgan. Buning sababi ota-onalarimizning bee’tiborligi. Bular o‘z farzandini telefonidan qanday foydalanayotganligini tekshirib ko‘rmayotganligi. U o‘yin o‘ynayaptimi, yo dars qilyaptimi...

Telefondan turli xil maqsadda foydalanish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarga ilm ulashish, boshqalarga ziyon yetkazish, ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolib vaqtini bekor o‘tkazish. Shunday kitoblar bor ularni kutubxonadan izlab topa olmaymiz. Lekin aynan shu kitobning telefonda elektron varianti bor.

Mening nazarimda telefon shunchaki vaqtni o‘g‘irlaydi xolos. Bugun telefon o‘ynab vaqtingiz o‘tsa, ertaga buning jabrini tortasiz. Vaqt qimmatbaho mulk ekan. Buni talon-toroj qilish eng katta gunohdir», – deydi u.

Muhammadfozil kitob mutolaasiga endi qiziqa boshlagan yoshlarga sarguzasht adabiyotdan ko‘proq o‘qishlarini maslahat beradi.

«Kitob o‘qishda men uning janrini tanlamayman. Qissami, hikoyalar to‘plamimi. Kitob o‘qishga endi qiziqa boshlagan yosh kitobxonlar sarguzasht adabiyotdan ko‘proq o‘qishlarini istagan bo‘lardim. Chunki sarguzasht adabiyotning keyingi voqealari kulminatsion nuqtasiga chiqqunga qadar kitobxon bolakay uni o‘qir ekan qahramonga oshno bo‘ladi. Geografiyaga oid bilimlari ham oshadi. Shu o‘rinda jahon adabiyotidan Jyul Vern, Aleksandr Dyuma asarlarida geografiya, tarix, adabiyot – bari mujassam.

Kelajakda qonun himoyachisi – yurist bo‘lmoqchiman. Bugungi muammolardan biri o‘z huquqini bilmaslik. Men odamlarga o‘z huquqlarini anglatib turaman. Fuqarolarga qonun himoyasida ekanliklarini eslatib turaman», – deydi u.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Muhiddin Nido

Mavzuga oid
Top