19:30 / 03.03.2022
4781
Andijon va Xorazm viloyatlarida yer maydonlarini sotmoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi

Andijon viloyatida 12 000 AQSh dollari, Xorazmda esa 10 500 AQSh dollari evaziga yer maydonlarini sotmoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning xabar berishicha, Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda fuqaro N.Yu. boshqa bir fuqaro O.ning ishonchiga kirib, unga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Andijon shahri, Boburshoh ko‘chasidagi bo‘sh turgan 3 sotix yer maydoniga uy-joy qurish uchun ruxsatnoma olib berish evaziga 12 000 AQSh dollari so‘rab, shundan 1 700 AQSh dollarini qo‘lga kiritib, yana 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: Prokuratura departamenti

Shuningdek, Xorazm viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham shunday holat aniqlandi. Fuqaro A.K. Yangiariq tumanidagi “Saburzom” mahallasida fuqaro R.ning nomiga go‘yoki tugallanmagan turar joy binosi sifatida rasmiylashtirilgan 13 sotix ekin yer maydonini fuqaro J.ga sotishga kelishib, tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilib, evaziga 10 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: Prokuratura departamenti

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top