15:13 / 12.03.2022
29620
85 mlndan 2,6 mlrdgacha - Navro‘z bayrami uchun qaysi viloyat qancha pul sarflaydi?

Hududlarda Navro‘zni nishonlash va Toshkent shahrida o‘tadigan bayram tantanalarida jamoalar ishtirokini ta’minlash viloyatlarga qanchaga tushayotgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: KUN.UZ

Ayni paytga qadar 7ta hudud hokimining Navro‘z bayramini tashkil etish uchun mablag‘ ajratishga oid farmoyishlari e-qaror.gov.uz portaliga joylandi.

Qolgan yettita hudud – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlari rahbarlarining bu haqdagi hujjatlari portalda yo‘q.

Buxoro – 2,6 mlrd so‘m

Navro‘zni nishonlashga mablag‘ ajratish bo‘yicha Buxoro viloyati yetakchi bo‘lsa ajab emas. Viloyati hokimi Botir Zaripov bu uchun 2 mlrd 631,5 mln so‘m ajratgan. Mazkur mablag‘ bilan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Navro‘z umumxalq bayrami sayillarida ishtirok etish uchun 100 nafardan kam bo‘lmagan folklor va badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar, karnay-surnay guruhlari, sirk artistlari, oshpazlar, hunarmandlar, oilaviy ansambllar, baxshilarning xizmat safari bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplash ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, ijodiy jamoalar uchun yangi sahna liboslari, bosh kiyim, sahna poyabzali, milliy bezak, taqinchoqlar sotib olish rejalashtirilgan.

Namangan – 1,9 mlrd so‘m

Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov Navro‘z bayramiga 1 mlrd 933 mln so‘m sarflaydigan bo‘ldi. Mablag‘ viloyatda umumxalq sayillarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish hamda Toshkent shahridagi tantanalarda viloyat uchun ajratilgan maydonlarni bezatish, milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari, ijodiy guruh ishtiroki bilan bog‘liq xarajatlarga ishlatiladi.

Qashqadaryo – 1,4 mlrd so‘m

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashi qarori bilan Navro‘z bayrami xarajatlariga 1 mlrd 466 mln so‘m yo‘naltirilgan. Xarajatlar bayramni yuqori saviyada o‘tkazish va Toshkent shahridagi tantanalarda viloyat kompozitsiya uchastkalarini yaratish bilan bog‘liq.

Andijon – 800 mln so‘m

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov viloyat hamda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram tantanalari xarajatlari uchun 800 mln so‘m ajratgan.

Farg‘ona – 560 mln so‘m + 186 mln so‘m

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning farmoyishi asosida Navro‘z bayramiga 560 mln so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan. Ushbu mablag‘ Toshkent shahrida o‘tadigan bayramda viloyatga ajratilgan hududda dekorativ maket-konstruksiya ishlari hamda boshqa badiiy bezatish xarajatlariga ishlatiladi. Hokim farmoyishida tegishli mas’ullarga budjet mablag‘laridan oqilona foydalanishni nazarda tutgan holda olingan mahsulotlar va ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha shartnomalar tuzishda narxlarning sun’iy o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish alohida topshirilgan.

Farg‘ona viloyati hokimi Navro‘z bayrami bilan bog‘liq yana bir farmoyish qabul qilgan. Unda migrantlar uchun Rossiya Federatsiyasining Yekaterenburg, Tyumen va Chelyabinsk shaharlarida tashkil etiladigan bayram tadbirlariga Farg‘ona viloyatidan yuboriladigan delegatsiya a’zolarining xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 186 mln 172 ming so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

Navoiy – 300 mln so‘m

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunovning tegishli farmoyishi bilan “Navro‘z” bayramini nishonlash hamda Toshkent shahrida bo‘ladigan bayram tantanalarida viloyat jamoasi ishtirokini ta’minlash uchun 300 mln so‘m ajratilgan.

Toshkent shahri – 85 mln so‘m

Ayni vaqtga qadar bayram tadbirlarini o‘tkazish uchun eng kam pul sarflaydigan hudud poytaxt bo‘lib turibdi. Toshkent shahri hokimining tegishli qarori bilan Navro‘z bayrami tadbiriga 85 mln so‘m sarflash rejalashtirilgan.

Barcha hududlarda mablag‘lar mahalliy budjetning erkin qoldiq qismidan va zaxira jamg‘armasidan ajratilgan hamda madaniyat boshqarmalariga o‘tkazib berish ko‘zda tutilgan.

Tuman va shaharlar kesimida Jizzax viloyatining Baxmal tumani “yetakchilik” qilmoqda. Tumanda Navro‘zni nishonlash uchun xarajatlarga (xarajatlar turi ochiqlanmagan) 230 mln so‘m ajratilgan. Farg‘ona viloyatining Furqat tumani hokimi esa ayni shu maqsadga bundan 10 baravar kam, 23 mln so‘m ajratgan.

Top