17:26 / 12.03.2022
10773
Rossiya O‘zbekiston bilan muntazam temiryo‘l qatnovini tiklashi mumkin

Rossiya transport vazirligi koronavirus bo‘yicha mamlakat tezkor shtabiga COVID-19 munosabati bilan xalqaro yo‘lovchi tashishga nisbatan qo‘yilgan cheklovni olib tashlash to‘g‘risida so‘rov yuborgan.

Foto: Kun.uz

Bu tez kunlarda yaqin xorij davlatlari bilan temiryo‘l qatnovi qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkinligini anglatadi. Shuningdek, Rossiya O‘zbekistonga koronavirus pandemiyasi tufayli amalga kiritilgan taqiqlarni ham bekor qildi. Lekin muntazam qatnovlarning qachondan yo‘lga qo‘yilishi va intensivligi bo‘yicha hozircha ma’lumot berilmagan.

Kun.uz masalaga oydinlik kiritish uchun Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov bilan bog‘landi:

“Biz Rossiya transport vazirligi, temiryo‘llari (RJD) yangiliklarini muntazam o‘rganib boryapmiz. Bu borada rejalar bor, ammo hali aniq qarorga kelinmagan, muddatlar belgilanmagan. Lekin muzokaralar davom etmoqda, biz tomondan qatnovlar tiklanishi uchun hamma narsa tayyor. Yaqinda samolyotlar qatnoviga cheklovlar yumshatildi, bu tez orada temiryo‘l orqali qatnovlar ham tiklanishini anglatadi. Hozirda bu masala yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Aniq ma’lumot ma’lum bo‘lishi bilan e’lon qilamiz”, – dedi N. Ashurmatov.

Bundan oldin Transport vazirligi tomonidan Rossiyadan O‘zbekistonga maxsus yo‘lovchi poyezdi qatnovi amalga oshirilishi xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga mamlakatga kelishi uchun qulaylik yaratish maqsadida ushbu poyezdlar 2022 yil 18 va 25 fevral kunlari “Voljskiy – Toshkent” yo‘nalishida O‘zbekiston tomon harakatlangan. 

Top