07:49 / 12.03.2022
3962
Tashqi qarzlardan foydalanish ustidan nazorat kuchaytirildi
Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining «Davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan tashqi qarzlarni jalb qilish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2022 yil 1 maydan boshlab:

  • tashqi qarzni jalb qilish va uni taqdim etishni tartibga solish maqsadida davlat ishtirokidagi korxonalar, moliyaviy holatiga ko‘ra, «past xatarli», «o‘rta xatarli» va «yuqori xatarli» toifalarga avtomatik tarzda toifalanadi;
  • jalb etiladigan tashqi qarz miqdori davlat ishtirokidagi korxonalarning biznes-rejasida aks ettiriladi.

Chora-tadbirlar davlat unitar korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va ustav kapitalining 50 foizi va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan tashqi qarzni jalb qilish va ulardan foydalanish ustidan nazorat o‘rnatishga yo‘naltirilgan.

Hujjat bilan quyidagilar belgilandi:

  • davlat ishtirokidagi korxonalarning jalb qilinadigan tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari (foiz stavkasi, komissiya va boshqa to‘lovlar yig‘indisi)ning yuqori chegarasi davlat xaridlari ochiq va shaffof amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan har chorakda belgilab boriladi;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarning tashqi qarzlar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini va boshqa hujjatlarini vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazish respublika komissiyasining ijobiy xulosasi yoki uning xabardor qilinganini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganidan keyin amalga oshiriladi.

Qaror bilan davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan tashqi qarzlarni jalb qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizom tashqi kredit jalb qilish uchun respublika komissiyasidan ruxsat olish hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning holati va faoliyatini monitoring qilish tartib-taomillarini tartibga soladi.

Top