14:16 / 17.03.2022
2425

Surxondaryodagi Mirzo Ulug‘bek davriga oid xazina chiqqan joydan ot haykalchasi topildi

Avvalroq Kun.uz’da Surxondaryoda Mirzo Ulug‘bek davriga oid xazina topilgani haqida xabar berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha xazina topilgan joydan yana bir qadimiy buyum topilgan.

Foto: O‘zA

Ma’lum qilinishicha, Sariosiyo tumanidagi To‘palang daryosi o‘ng qirg‘og‘idan bronzadan quyma uslubda yasalgan ot haykalchasi topilgan.

Surxondaryo viloyati turizm va madaniy meros boshqarmasi mas’ul kotibi Bekzod O‘raqovning aytishicha ot haykalchasi  avvalroq aynan Mirzo Ulug‘bek davriga oid xazina chiqqan joydan topilgan.

Termiz arxeologiya muzeyiga topshirilgan ot haykalchasi mutaxassislar tomonidan chuqur o‘rganilib, dastlabki xulosa berilgan.

Mutaxassislarning aniqlashicha, 91,57 gramm og‘irlikka ega bo‘lgan bronzadan yasalgan ot haykalchasi To‘palang daryosi ichida Mirzo Ulug‘bek davriga oid xazina bilan bir joydan topilgani uchun u ham XV asrga oid deb rasmiylashtirilgan.

Qayd etilishicha, kelgusida bu yerda olib boriladigan tadqiqot ishlari mazkur topilma sanasini yanada oydinlashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sariosiyo tumanidagi To‘palang daryosi o‘ng qirg‘og‘idan Mirzo Ulug‘bek davriga oid mingdan oshiq mis tangalardan iborat xazina topilgan. So‘ng o‘sha joy muhofazaga olinib, qidiruv ishlari davom ettirilishi haqida xabar berilgandi

Top