11:27 / 19.03.2022
50212
Bayden Xitoy rahbarini urushda Rossiyani qo‘llash oqibatlaridan ogohlantirdi

Amerika va Xitoy rahbarlari Ukrainadagi vaziyat va ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilishdi.

Foto: Reuters

Oq uy matbuot xizmati AQSh prezidenti Jo Bayden va XXR raisi Si Jinping bilan qariyb ikki soat davom etgan muloqotining ayrim tafsilotlarini ochiqladi.

Xususan, CNN telekanali onlaynida xabar qilishicha, Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki jurnalistlarga shunday degan: «Prezident agar Xitoy Ukraina shaharlariga va tinch aholiga shafqatsiz hujum qilayotgan Rossiyaga moddiy yordam ko‘rsatsa, oqibatlari qanday bo‘lishi haqida batafsil gapirdi. Bunga guvoh bo‘lamiz, butun dunyo guvoh bo‘ladi».

«Prezident [Bayden] inqirozni diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini qayd etdi. Ikki yetakchi ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi raqobatni boshqarish uchun ochiq aloqa liniyalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi haqida kelishib olishdi», degan u yana.

Psakining qo‘shimcha qilishicha, Bayden Si Jinpingdan Rossiyaning so‘rovini rad etishini so‘ramagan. «Xitoy tarix darsliklariga qanday kirishi bo‘yicha qarorni o‘zi qabul qilishi kerak», — degan Psaki.

Associated Press agentligi xabarida aytilishicha, Bayden Si Jinpingni kiritilgan sanksiyalar tufayli Rossiyaga harbiy yoki iqtisodiy yordam ko‘rsatishdan tiyilishga chaqirgan.

Reuters agentligi qayd etishicha, suhbat chog‘ida Si Jinping Baydenga Xitoy Ukrainadagi urush davom etishini istamasligi haqida aytgan. U Bayden bilan oxirgi bor o‘tgan yil noyabridagi muloqotidan buyon xalqaro vaziyat jiddiy o‘zgarganini ta’kidlagan hamda tinchlik va o‘zaro manfaatli rivojlanish ustiga qurilgan global tartibot hozirda jiddiy chaqiriqlarga duch kelayotgani, dunyoda barqarorlik yo‘qolgani haqida gapirgan.

Xitoydagi «Sinhua» agentligi muzokaralar to‘g‘risida bergan xabarida XXR raisi Bayden bilan muloqotda «Ukraina inqirozi — Xitoy ko‘rishni istagan narsa emasligi»ni aytgani, shuningdek «mojaro va qarama-qarshiliklar hech kimga manfaat keltirmasligi»ni qo‘shimcha qilganini keltirgan.

  • 18 mart kuni AQSh prezidenti Jo Bayden va XXR raisi Si Jinping videoaloqa orqali 2021 yil noyabridan buyon ilk bor muzokara o‘tkazdi.
  • G‘arbdagi nashrlar Rossiya Xitoyga Ukrainadagi urushda foydalanish uchun qurol yetkazib berishni so‘rab murojaat qilgani haqida yozishgan. Rossiya bunday so‘rov bo‘lganini rad etgan.
Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top